Bugun tug‘ilgan kun: Xosiyat Bobomurodova

Samarqandning sevimli shoirasi Xosiyat Bobomurodova 1950 yil 2 may kuni Samarqand viloyatining Xatirchi (hozirgi Navoiy viloyati) tumanida tug‘ildi.

1966 yilda o‘rta maktabni tugatib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida o‘qidi. Avval boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, keyinchalik maktabda direktor bo‘lib ishladi. 1983-1989 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyati, 1990-2003 yillarda Samarqand viloyati bo‘limlarida mas’ul kotib lavozimida, 2003-2005 yillarda «Zarafshon» nashriyoti direktori bo‘lib faoliyat yuritdi.

Shoiraning “Daryodan qatra”, “Oq yo‘l turnalar”, “Samarqandga maktublar”, “Men uzgan gullar”, “Bormisan, o‘zbek”, “Jonimning egasi”, “Vatan yagonadir”, “Kelin salom”, “Mag‘rurlik sabog‘i”, “Qizilqum malikalari”, “Samarqand sanamlari”, “Qirq o‘g‘lon qissasi”, “Sahrodagi jannat”, “Sensiz”, “Gul yomg‘iri”, “O‘quvchi odoblari” kitoblari chop etilgan.

Xosiyat Bobomurodova “Shuhrat” medali, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalq ta’limi a’lochisi unvon va ko‘krak nishonlari sohibi.

Quyida shoiraning she’rlaridan bahramand bo‘lasiz.

***

UZILGAN GULGA

Kim uzdi so‘ramayin
Biror og‘iz quyoshdan.
Qo‘rqmadimi ohingdan,
Qo‘rqmadimi ko‘zyoshdan.
Tuprog‘ingdan, suvingdan
Olmadimi, rozilik?
Hech qursa tikanlaring
Qilmadimi qozilik?
Yana uyalmay bog‘bon
Seni pulga sotdimi?
Bayram bahonasida
Quchog‘imga otdimi?
Seni kim majburladi,
Huzurimga kelmoqqa?
O‘zing rozi bo‘ldingmi,
Ko‘nglim uchun o‘lmoqqa?!

* * *

Yashaganing sari kamdir bu dunyo,
Anglaganing sari g‘amdir bu dunyo.
Orqaga qaytish yo‘q, bas deb aytish yo‘q,
Tinmay chorlaguvchi shamdir bu dunyo.

Faqat orzu bilan bunyod bu ochun,
Kimga mehri yolg‘on, kimga ishqi chin.
O‘zing-ku dunyoga sig‘may yuribsan,
Yana undan orom so‘raysan nechun?

Bandilik muborak so‘z zindonida,
Bilgilki, erk yashar shoir qonida.
Dilni qancha ezsang shuncha yashaysan,
She’r atalgan mangu haykal yonida.

IShQ

Tinglamaydi hech kim arzu dodini,
Tutilgan unutar nasli, zotini.
Senu men kim bo‘pmiz, bu sevgi yana,
Telba qilar mingta Xosiyatini.