Bulung‘ur dehqon bozorida import qilingan go‘sht 45 mingdan sotiladi

Ayni kunlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi oshishi kuzatilganligi sababli Bulung‘ur tumani hokimligi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman bo‘limi hamkorligida “Bulung‘ur dehqon bozori” MChJ hududida maxsus yarmarka tashkil etildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yarmarkada mol go‘shti, qo‘y go‘shti, tovuq go‘shti, baliq, tuxum kabilar bozor narxidan arzonlashtirilgan holda sotilmoqda. Jumladan, baliqning “tolstob”, “belamur”, “sazan” kabi turlari katta-kichikligiga ko‘ra baholanayotgan bo‘lsa, tovuq go‘shti 18 ming so‘m, qo‘y go‘shti 48 ming so‘mdan - 55 ming so‘mgacha, mol go‘shti 55 ming so‘m, tuxum 1 100 so‘mdan sotilmoqda.

Departamentning tuman bo‘limi rahbari Husniddin Raziqovning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda yarmarkaga qishloq xo‘jalik mahsulotlari ham keltirilib, arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, Ukraina davlatidan import qilingan muzlatilgan mol go‘shti yarmarkaga keltirilib, kilogrami 45 ming so‘mdan sotilishi rejalashtirilmoqda.