Bulung‘urda 850 nafar bola oromgohda dam olmoqda, ammo qolgan 18 ming oromgoh yoshidagi bolalar-chi?

Doimiy va kunduzgi oromgohlarda bolajonlarning maroqli dam olishi uchun mavsumga mos tarzda tayyorgarlik ko‘rilganmi? O‘quvchi-yoshlarning vaqti yozgi oromgohlarda qanday o‘tmoqda? Shu savollarga javob topish maqsadida Bulung‘ur tumanidagi oromgohlarda bo‘ldik.

- Tumanimizda 1 ta doimiy va 3 ta kunduzgi oromgoh tashkil qilingan, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimi Alijon Haydarov. - Yoz mavsumida 300 nafar bolani shahardan tashqari oromgohga va 550 nafarini kunduzgi oromgohlarga qamrab olish rejalashtirilgan. Oromgohlarda yoshlar uchun yetarli sharoit yaratildi, bolalarning jismoniy, intellektual, ma’naviy-axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish maqsadida sport musobaqalari, har xil to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

OROMGOHGA O‘XSHAMAGAN OROMGOH

Tumandagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan "Qaldirg‘och" kunduzgi oromgohidamiz. Bir navbatda 70 nafar bolani qamrab olishga mo‘ljallangan oromgoh o‘quvchilari har kuni 08:30 dan 14:00 gacha shu yerda bo‘lishadi. Muassasa rahbari (maktab direktori) Sherzod Shermatovning aytishicha, yoz mavsumida 210 nafar bola jalb qilinadi. Bolalarni qiziqtirish maqsadida maskanda kompyuter, jismoniy tarbiya, musiqa, mehnat va fanlarga oid 10 dan ortiq to‘garak tashkil etilgan.

Oromgoh bolalari homiylik asosida 30 ming so‘m va ota-ona hisobidan ajratilgan 10 ming so‘m evaziga vaqtini shu maskanda o‘tkazadi va taomnoma asosida tushlik bilan ta’minlanadi. U yerga faqatgina mazkur maktab o‘quvchilari qamrab olingan.

"Qaldirg‘och"da oromgohga mos tarzdagi kompozitsion ruhni ko‘rmadik. Maktab o‘quvchilar uchun o‘quv davrida qanday holda bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham o‘zgarish bo‘lmagani ko‘rinib turibdi. Hududda salqin joy yo‘q. Hamma taraf beton qoplamalardan iborat bo‘lib, qaqrab ketgan. Bolalar vaqtini faqatgina binoning ichkari qismida o‘tkazishi mumkin, xolos.

Tumandagi 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan "Yulduzcha" kunduzgi bolalar oromgohida ham shunday kamchiliklarni ko‘rish mumkin. Mazkur maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bois bolalarning kutilganidek orom olishlari uchun sharoit yaratilmagan. Oromgoh oshxonasida tozalikka rioya qilinmagan, ovqatlanadigan joy ham talabga javob bermaydi.

SUZISH HAVZASIGA AYLANGAN YuVINISh XONASI

- Tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli "Sohibkor" oromgohi tumanda doimiy yozgi oromgoh yo‘qligi bois vaqtincha Bulung‘ur sanoat kasb-hunar kollejida tashkil qilindi, - deydi oromgoh rahbari Orif Rustamov. - Oromgohga uch navbatda 300 nafar bolani qabul qilishni rejalashtirganmiz. Bolalarning o‘n ikki kunlik vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida ular o‘rtasida qiziqarli musobaqalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilingan.

Oromgoh atrofi himoya to‘siqlari bilan o‘ralgan bo‘lib, bolalarning xavfsizligini ta’minlash uchun kechayu kunduz ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi va boshqa tashkilot vakillari biriktirilgan. Oromgohga ajratilgan kollej binosi imkon qadar yoshlar kayfiyatiga mos tarzda bezatilgan, devorlarga har xil manzarali suratlar chizilgan. Shuningdek, har bir bola uchun yangi yotoq jihozlari tashkil qilingan. Sport o‘yingohlari ham shay holatda. Tibbiyot xonasida 23 turdagi zarur dori-darmonlar mavjud.

Ammo "Sohibkor" kutubxonasida kitoblar soni juda kam. Oshib borsa yuztaga yaqin chiqadi, borlari ham sevib, qiziqib o‘qiladigan asarlar emas. Oromgoh kompyuter xonasidagi kompyuterlarning ham bir nechtasi ishlamaydi.

Oromgoh oshxonasida har kuni taomnomaga ko‘ra, to‘rt mahal har xil turdagi issiq ovqat tayyorlanadi. Oziq-ovqatlarning ham saqlanishi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, biroq oshpazlar oshxonada suv ichida yurishga majbur. Negaki, oshxonadagi kanalizatsiya tizimi ishdan chiqqani bois u yerdan oqib ketadigan suv oyoq ostiga yig‘ilaveradi.

Yuvinish xonasida ham shunday holatga guvoh bo‘ldik. U yerdagi suv isitib berish qurilmasi ishdan chiqqan. Bolalar to‘plangan suv ustida yuvinisharkan. Yuvinish xonasida ham kanalizatsiyaning nosozligi bois suv yig‘ilib qolgan. Muassasa rahbaridan holatga izoh so‘raganimizda u mazkur muammoni bugunoq bartaraf qilmoqchi ekanini aytdi.

Darvoqe, oromgohda sun’iy bo‘lsa-da, suzish havzasi o‘rnatilmagan. Endi o‘zingiz tasavvur qiling, yuvinish xonasi foydalanishga yaroqsiz, suzish havzasi yo‘q oromgohda bolalar qanday qilib, qayerda cho‘miladi?!

Oromgohning maqsadi - bolalarning o‘qishdan tashqari vaqtini sermazmun o‘tkazish, ularning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan hordiq chiqarishlarini ta’minlash, ular ongiga milliy g‘oyani, vatanparvarlik tuyg‘ularini hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirish orqali har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishdan iborat. Ayting-chi, bugungi oromgohlarda shunday maqsad asosida harakat qilinyaptimi?

Shu o‘rinda e’tiborimizni tortgan bir masalaga to‘xtamoqchimiz. Tuman xalq ta’limi bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, oromgoh yoshidagi bolalar soni 18 mingdan ortiq. Ularning 850 nafarini oromgohlarga qamrab olish rejalashtirilgan. Xo‘sh qolganlari-chi, ular qayerga boradi va nima bilan shug‘ullanadi?

Abdujabbor PO‘LATOV, "Zarafshon" muxbiri.