Bulung‘urda "svet” nega o‘chdi?
Bugun, 21 oktyabr kuni kech soat 17:01 da Bulung‘ur podstansiyasida qisqa tutashuv yuz bergan. Bunga podstansiyani qo‘shib-o‘chiruvchi elektr щitining tepa qismidagi choynaklarga suv kirganligi sabab bo‘lgan.
Oqibatda tumanning Mehrjon, Istiqlol, Yangiqo‘rg‘on, Guliston, Ulug‘bek nomli, Samarqand mahallalari hamda Do‘stlik mahallasining ayrim qismida elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan.
Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berishicha, ushbu holat tumanning «Istiqlol» mahallasi Oqtepa ko‘chasida joylashgan podstansiyadagi BT-3 liniyada sodir bo‘lgan. Tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga podstansiyada qisqa tutashuv sodir bo‘lgani va izolyator sinib tushganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, 1 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 17:20 da yetib borgan. Biroq hech qanday yong‘in alomatlari borligi aniqlanmagan.
Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q.
"Hozirda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari nosozlik sababini aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda", deyiladi viloyat FVB axborotida.