Bulung‘urdagi ayovsiz kaltaklangan kelinchak haqida ma’lumot berildi
2019 yil 30 may kuni Bulung‘ur tumanining “Mingtepa” MFYda yashovchi Z.Umarova tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, Z.Umarova Q.G‘aniyev bilan 2019 yil 18 may kuni nikohdan o‘tib, turmush qurgan va birgalikda yashab kelgan. 2019 yil 30 may kuni tungi soat 03:30 larda Q.G‘aniyev mast holatda Bulung‘ur tumani “Mingtepa” MFY “Tinchlik” qishlog‘idagi yashash uyida, oilaviy kelishmovchiliklar sababli, turmush o‘rtog‘i Z.Umarovani urib, tan jarohati yetkazgan.
Tuman tibbiyot birlashmasining 2019 yil 30 may kunidagi ma’lumotnomasida Z.Umarovaga “bosh miya chayqalishi, boshning o‘ng tepa sohasida urilib, yirtilgan jarohat, ikkala ko‘z atrofi va burun sohasi lati” kabi tan jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.
Ushbu holat Bulung‘ur tumani IIB Navbatchilik qismi Shakl-2 kitobida 30.05.2019 yilda ro‘yxatga olinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borishga kirishilgan.
Holat yuzasidan guvohlardan tushuntirish xati olinib, holatga oydinlik kiritilmoqda. Hozirda Q.G‘aniyev Samarqand viloyati narkologiya dispanseriga yotqizilgan.
2019 yil 30 may kuni Z.Umarovaning tan jarohatlarini og‘irlik darajasini aniqlash uchun sayyor tartibda sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Z.Umarova turmush o‘rtog‘i Q.G‘aniyevga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ariza bilan murojaat qilmasligini bayon qilgan va ushbu holat yuzasidan xolislar ishtirokida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.