Bulung‘urlik sportchi qizlar Mongoliyada chempion bo‘lishdi

Joriy yilning 5-12 may kunlari sportning gandbol turi bo‘yicha 18 yoshgacha va 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Mangoliya davlatining Ulan Batir shahrida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida Xalqaro Osiyo Trofi Kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu musobaqada O‘zbekistondan ishtirok etgan terma jamoamiz faxrli 1-o‘rinni egallab, oltin medallar va musobaqa kubogiga sazovor bo‘lishdi. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Samarqand viloyatidan to‘rt nafar sportchi qizlarimiz, ya’ni Bulung‘ur tumanimizda tahsil olayotgan gandbolchi sportchi qizlarimiz asosiy tarkibda ishtirok etishdi.

Bulung‘ur tuman maishiy xizmat kolleji 3-bosqich talabasi Shahzoda Hakimboyeva va tumandagi 5-maktab 11-sinf o‘quvchilari Madina Xudoyqulova, Mehriniso Muhammadova, Ozoda Islomovalar asosiy tarkibda o‘ynadi. Bu sportchi qizlarimiz 3 karradan O‘zbekiston chempionlari, sport ustaligiga nomzod. Sportchilarimiz 13 may 04:55 da Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.