Buxoroda Tojikistonga yo‘lga chiqqan avtobus ag‘darilib ketdi

Kecha, 19 avgust kuni soat 15:37 larda Tojikiston Respublikasi fuqarosi, Dushanbe shahri Rudakiy ko‘chasida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan Baxromiddin Xotamov “Mersedes-Spirinter” rusumli, TJ 77 85 PB 01 davlat raqam belgili mikroavtobusini Buxoro viloyatining Jondor tumani cho‘l massivi hududidan o‘tuvchi “G‘uzor-Nukus” A-380 yo‘lining 368-km.da haydab ketayotgan vaqtida, mikroavtobusning orqa o‘ng tomon g‘ildiragi yorilib ketishi oqibatida boshqaruvni eplay olmay yo‘l chetiga chiqib ag‘darilgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida 3 nafar Tojikiston Respublikasi fuqarolari kasalxonaga yotqizilgan. Kasalxonaga yotqizilgan 3 nafar va birlamchi tibbiy yordam uchun murojaat qilgan yana 5 nafar yo‘lovchilarga hamda haydovchiga tez va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi tashkil qilindi. Qolgan 8 nafar yo‘lovchilar esa hech qanday jarohat olmaganlar.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.