Buyuk Ipak yo‘lida turizm: Kecha, bugun va rivojlanish istiqbollari

2020 yilning 11 may kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida “Buyuk ipak yo‘lida turizm: kecha, bugun va rivojlanish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar, so‘nggi yillarda turizm sohasida qilinayotgan ishlar muhokama qilindi. Masofaviy anjuman oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilib, Zoom platformasi yordamida amalga oshirildi.

Konferensiya ishtirokchilari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z maqolalarini taqdim etdi:

1. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning turizm sohasida xorij davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi natijalari va istiqbollari.

2. Virtual turizmni rivojlantirish borasida xalqaro tajriba va uni mamlakatimizda tatbiq etish imkoniyatlari.

3. Buyuk ipak yo‘lining barcha yo‘nalishlarida turizmni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari.

4. Turizm sohasida ishlayotgan korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmi.

5. O‘zbekistonda xalqaro turizmni rivojlantirish istiqbollari.

Talabalarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularni keng yoritish maqsadida eng yaxshi maqola mualliflari mukofotlandi. Bundan tashqari, maqolalar “Iqtidorli talabalarning ilmiy sarhisoblari” nomli ilmiy to‘plamda nashr etiladi.
Masofaviy anjumanda turli universitetlarning tadqiqotchilari, magistrantlari va talabalari ishtirok etdi. Konferensiya doirasida o‘ttizga yaqin maqolalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shoxida MUSTAYeVA.