“Captiva” va traktor to‘qnashuvi oqibatida 13 yoshli o‘smir halok bo‘ldi

2020 yil 3 may kuni soat 16:30 da Qumqo‘rg‘on tumani Arslonboyli mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-596 avtomobil yo‘lining 4-kilometrida 73 yoshli fuqaro B.Sh. “Captiva” rusumli avtoulovi bilan harakatlanib kelayotganida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan 34 yoshli fuqaro A.J. boshqaruvidagi “T-28” rusumli Traktor yo‘liga chiqib ketib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.

Oqibatda "T-28” rusumli traktor yo‘lovchisi - voyaga yetmagan 7-sinf o‘quvchisi, 13 yoshli Sh.J. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, 7 may kuni shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.