Chaqiriluvchilarni viloyat hokimi xizmatga kuzatdi

Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘uv punktida joriy yilgi chaqiruv mavsumida muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan yigitlarning navbatdagi guruhini kuzatish marosimida viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari E.Turdimov ham ishtirok etdi.

 

– Farzandini harbiy xizmatga kuzatayotgan ota-onalar bugun eng baxtli insonlar, – dedi E.Turdimov. – Chunki ularning farzandlari viloyatimizdagi 60 mingdan ortiq chaqiriluvchilar orasidan saralangan yigitlar. Bu yil Samarqanddan har jihatdan sog‘lom, baquvvat, bilimli 2500 nafardan ortiq chaqiriluvchilargina muddatli harbiy xizmatga olinmoqda. Demak, yigitlar ham, ularning ota-onalari ham bu sharaf nasib etganidan har qancha faxrlansa arziydi. Ilgari ota-onalar o‘g‘lini harbiy xizmatdan olib qolishga harakat qilardi. Hozir esa, bolam harbiy xizmatga borsin, armiyaga qabul qilishda adolat buzilmasin, deb murojaat qilyapti. Buning barchasi Qurolli Kuchlarimizdagi o‘zgarishlar, harbiy xizmatchilarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, obro‘-e’tibori yuksalib borayotgani samarasidir.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiriluvchilarning ota-onalari, egniga askarlik libosini kiygan baxtli yigitlar ham so‘zga chiqib, o‘z dil izhorlarini bayon etdi.

Tadbirda harbiy xizmatga otlangan yigitlarga esdalik sovg‘alari, kitoblar sovg‘a qilindi.