Chek bermagan tadbirkor luqmasi halolmi?
Oddiy misol: Oila byudjetida ortiqcha mablag‘ bo‘lmasa, yashash sharoitini yaxshilash, uyni ta’mirlash, mashina sotib olish va boshqa ishlarni bajarish juda mushkul masala. Xuddi shunday, davlat byudjetida ham mablag‘ bo‘lmasa, mahalla, shahar obodligi, xalqning farovon hayot kechirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xo‘sh, byudjetga mablag‘ qayerdan keladi? Albatta, asosan soliq tushumlaridan. Prezidentimiz tashabbusi bilan soliq yuki kamaytirilib takomillashtirildi. Maqsad, soliq to‘lashdan qochishlarni bartaraf etish va qonuniy faoliyatni amalga oshirish uchun zamin yaratishdir.
Shunga qaramasdan, tumanda hali ham noqonuniy faoliyat yuritayotgan, tushumlarni soliq organlaridan yashirib kelayotgan tadbirkorlar oz emas.
Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlaridan olingan ma’lumotlarga qaraganda, "Juma dehqon bozori" hududida 9 nafar fuqaro noqonuniy, hech qanday hujjatlarsiz faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar Fazliddin Murtazoyev, Zulfiya Pardayeva, Nafisa Sadinova, Sobirjon Murodov, Shoxruz Safarovlarning do‘konida na kassa apparati, na terminal bor. Do‘kondor Baxtiyor Bozorov esa, hech qanday hujjatsiz go‘sht mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘ygan. Otabek Annayev va Islom Shermamatovlar esa tuman davlat xizmatlari markazidan berilgan guvohnoma muddatlari yil boshida tugaganligiga qaramasdan kassa apparati va terminalsiz savdo bilan shug‘ullanishmoqda.
Kichik Nayman mahallasi hududidagi oshxona xo‘jayini 4-5 yildan buyon xo‘randalarga xizmat ko‘rsatarkan. Faoliyatiga doir birorta ham hujjati yo‘qligini soliq idorasining hududga mas’ul xodimlari nega shu paytgacha "payqamagan"iga hayronmiz.
Katta Nayman, Kichik Nayman, Parchaqora mahallalarida faoliyat yuritayotgan o‘nlab tadbirkorlar ham hech qanday hujjatlari bo‘lmasada, oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlar bilan noqonuniy savdoni amalga oshirayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, milliy shirinliklar, non, qandolatchilik mahsulotlarini tayyorlab sotish guvohnomasiga ega yana ko‘plab tadbirkorlar esa boshqa turdagi mahsulotlarni sotish bilan ham shug‘ullanayotgani, kassa apparati, terminal yo‘qligi, iste’molchilarga xarid chekini bermayotganini ko‘rish mumkin. Vaholanki, tumanda 106 ta mahalla bor. Har qaysi mahallada o‘rtacha 10-15 nafardan tadbirkor xuddi shunday noqonuniy faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, mahalliy byudjetga millionlab summadagi mablag‘ tushmayotgani ayon bo‘ladi.
Prezidentimiz shu yil 4 aprelda bo‘lib o‘tgan videoselektorda "Mahalliy byudjetda qancha ko‘p daromad bo‘lsa, dolzarb bo‘lgan ijtimoiy masalalarni shuncha tezkorlik bilan hal qilish mumkin. Qo‘shimcha mablag‘lar, jumladan, "Beshta tashabbus", "Obod qishloq", "Obod mahalla", "Ichimlik suvi", "Har bir oila tadbirkor" kabi davlat dasturlarini joylarda tizimli amalga oshirish, xalqning daromadini ko‘paytirish va hayotini yaxshilash uchun zarur bo‘ladi", degandi.
Byudjet tushumlarini ta’minlashdagi asosiy to‘siqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlanib qolinayotganidir. Bu esa o‘z navbatida, ishsizlar soni oshishi, daromad manbaining kamligini ko‘rsatib, o‘zini o‘zi aldashdan boshqa narsa emas. Bugunga kelib, ayrim tadbirkorlar tugul fuqarolar ham chek nimaligini bilmay qo‘yishdi. Bu esa, byudjet tushumining kamayishiga, xufyona iqtisodiyotga yo‘l ochdi. Iqtisodiyotni orqaga tortadigan muammoni bartaraf etish uchun tuman bo‘yicha "Xarid chekini talab qilib oling!" aksiyasi o‘tkazilmoqda. Bu aksiya orqali tadbirkor va iste’molchi o‘z haq-huquqlari va majburiyatlarini bir bora eslashsa ajabmas. Chek bermagan tadbirkor lo‘qmasi halolmi? Ana shu savolni har kuni, har bir fuqaro o‘ziga va o‘zgalarga berishi lozim. Zero, har bir chek byujedga tomchi. Byudjetga tushadigan mablag‘ evaziga birorta maktab yoki bog‘chani ta’mirlash, ijtimoiy yordamga muhtoj, nogironlarga ko‘mak berish yoki fuqarolar hayotini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Otabek Ergashev.