Chekka hududlarda sportga nega e’tibor sust?
Ayrim chekka qishloqlarda sport komplekslarining yo‘qligi, borlarida ham shug‘ullanish uchun sharoit yaratilmagani aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etishda va ularning yaxshi natijalar ko‘rsatishiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Qo‘shrabot tumanida bo‘lib, bunga amin bo‘ldik.
Tumanda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida mahallalarda 109 dona tungi yoritish chiroqlari, 3,5 kilometrdan ziyod salomatlik va veloyo‘laklar hamda ikkita «Workout» maydonchasi foydalanishga topshirilib, 76 mingdan ziyod aholi ommaviy sport tadbirlariga jalb qilingan.
Sport maktabiga e’tibor kerak
Tumandagi yagona sport maktabi 2004 yilda qurilgan bo‘lib, hozir muassasada 1170 nafar o‘g‘il-qiz 53 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida shug‘ullanmoqda.
- Muassasamizda 18 ta sport turidan mashg‘ulot o‘tiladi, - deydi tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Davlat Mirzanov. - O‘tgan yili sportchilarimiz O‘zbekiston chempionatida 4 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza, xalqaro musobaqalarda 2 ta oltin, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Lekin sportchilarimiz erishgan bu natijalar bilan maqtanib bo‘lmaydi. Chunki sohada yechimini kutayotgan muammolar ko‘p.
Sport maktabimiz qurilganiga qariyb 20 yil bo‘lyapti. Shundan buyon umuman ta’mirlanmagan. Havoning qor-yomg‘irli kunlarida muassasaning tom qismidan suv o‘tadi. Shu bois ko‘p hollarda mashg‘ulot o‘tishning iloji bo‘lmayapti. Tumanda 12 ta olimpiya sport turidan mashg‘ulot o‘tiladi, lekin O‘zbekiston milliy terma jamoasi safiga bitta ham sportchi chaqirilmagan. Faqatgina noolimpiya sport turi – armrestling bo‘yicha 2 nafar sportchi terma jamoaga qabul qilingan.
Tumandagi «Mehnat» futbol o‘yingohining devorlari va o‘rindiqlari ham ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Sport maktabi va futbol maydonini ta’mirlash bo‘yicha tuman hokimligiga bir necha marta murojaat qilganimizdan so‘ng inshootlar uch marta dasturga kiritildi. Afsuski, hech qanday amaliy ishga qo‘l urilmadi.
To‘garaklar ishlamayapti
Tumanda 88 ta umumta’lim maktabi mavjud. Shundan 27 ta maktabda 121 ta sport to‘garagi tashkil etilgan. Lekin to‘garaklarning hammasi ham ishlamayapti. Jumladan, tumandagi 48-maktabda ikki navbatda 935 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi H.Xolbekovning aytishicha, maktabda darsdan keyin futbol, voleybol va yengil atletika bo‘yicha to‘garak tashkil qilingan, biroq sport zal ta’mirtalab, isitish tizimi ishlamaydi, maktab 2013 yildan buyon sport inventarlari bilan ta’minlanmaganligi uchun to‘garaklar faoliyati to‘xtab qolgan.
- Maktabimizda ikki navbatda 424 nafar o‘quvchi tahsil oladi, - deydi 85-maktab jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Erkin Qosimov. - Maktabda sport zal yo‘qligi uchun mashg‘ulotlarni standartlar asosida o‘tolmaymiz. Amaliy mashg‘ulotlar va to‘garaklar ochiq havoda, sovuq kunlarda sinfxonada shashka, shaxmat, stol tennisi va nazariy darslar o‘tiladi. Yaqinda «Tashabbusli byudjet» loyihasida g‘olib chiqdik va maktabimizga sendvich panelli sport zal quriladigan bo‘ldi.
- Tumandagi 88 ta umumta’lim maktabidan 35 tasida sport zal mavjud bo‘lib, 7 tasi ta’mirtalab, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Mansur Bo‘ronov. – O‘tgan yil ikkita maktabga sport zal qurildi, 5 ta maktab sport zalini ta’mirlash dasturga kiritildi-yu, shu bilan qolib ketdi. Joriy yil yana 5 ta maktab sport zali, 9 ta maktab oshxonasi, 4 ta maktab binosini ta’mirlash, shuningdek, 23 ta maktabda oshxona va investitsiya dasturi asosida maktablarda qo‘shimcha binolar qurish bo‘yicha takliflar berilgan.
«Sport zalimiz bo‘lganda edi...»
Tuman markazidan qariyb 45 kilometr uzoqlikda joylashgan Qovunchi mahallasida 2584 nafar aholi yashaydi. Afsuski, sakkiz qishloqni o‘z ichiga olgan mahallada sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yo‘q.
- Mahallamizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 1320 nafarni tashkil qiladi, - deydi yoshlar yetakchisi Oybek Norqulov. – O‘tgan yil «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida mahallamiz yoshlarining bo‘sh vaqti mazmunli o‘tdi. Ammo natija kutilganidek bo‘lmadi. Chunki mahallamizda sport bilan shug‘ullanish va musobaqalar o‘tkazish uchun sharoit yo‘q. Xususan, mahallamizdagi 50-maktab 450 o‘rinli, lekin sport zali yo‘q, sport maydonchasi talabga javob bermaydi. «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkazilgan musobaqalarni dalalarda, mahallamizdan 9-10 kilometr uzoqlikda joylashgan maktablarning sport zallarida amallab o‘tkazdik.
Shunga qaramay, yoshlarimiz olimpiadaning ikkinchi mavsumida 14-30 yosh toifasida mahalla, viloyat bosqichida shashka va parashashka yo‘nalishida uchinchi o‘rinni egalladi. Agar sport zalimiz bo‘lganda, respublikada ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritar edik.
Aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va iqtidorli sportchilarni kashf qilish, ularni katta sport maydoniga olib chiqish islohotlari chekka hududlardan boshlanmoqda. Shunday ekan, Qo‘shrabot tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim, sport-ta’lim muassasalari va mahallalarda yechimini kutayotgan muammolarga mutasaddilar e’tibor bersa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.