Sportda faqat natija muhimmi? Muammolarga qachongacha ko‘z yumiladi?
Samarqand viloyatida 23 ta olimpiya, 4 ta milliy, 21 ta noolimpiya sport turi bo‘yicha federatsiya, 9 ta assotsiatsiya, 3 ta sportni rivojlantirish markazi, 7 ta sport klubi, 2 ta jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamda 1 ta sport kengashi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sport turlari bo‘yicha viloyatimizdan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga 1063 nafar (asosiy tarkibga 725 nafar, zaxira tarkibga 338 nafar) sportchi qabul qilingan. Bu milliy terma jamoa tarkibining qariyb 10 foizini tashkil qiladi. Ammo...
Joriy yil boshida federatsiyalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan reytingga ko‘ra, viloyatda yetti sport turi qoniqarli (dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo), 20 ta sport turi o‘rta (velosport, boks, basketbol, suzish, gandbol, erkin kurash, voleybol), 5 ta sport turi past (qilichbozlik, ot sporti, sportning texnik va o‘q otish turlari, tennis va regbi) ko‘rsatkichli toifaga ajratilib, federatsiyalardagi ushbu muammolarni hal qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangani aytilgan edi.
Ammo 2022 yilda badminton, penchak silat, kikboksing federatsiyalari tomonidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga umuman sportchi yetkazib berilmagan. Shuningdek, qilichbozlik, o‘q otish, triatlon, zamonaviy beshkurash va bahodirlar o‘yini sport turlaridan 1 nafardan sportchi terma jamoa tarkibiga qabul qilingan, xolos.
Hozirgi kunda viloyatda 30 ta sport ta’lim muassasasi, 5786 ta sport inshooti mavjud bo‘lib, 4715 ta sport inshootining holati qoniqarli, 893 tasi esa ta’mirtalab holatda. Jumladan, Qo‘shrabot tumanidagi 10 ming o‘rinli «Mehnat» stadionining o‘rindiqlari, yugurish yo‘laklari achinarli holatda, Nurobod tumani sport maktabiga qarashli Jarquduq va Girdiqo‘rg‘on mahallalaridagi «TIP-1» sport inshootlari, Samarqand shahridagi 2-sport maktabiga qarashli «Nafis» sport majmuasi, Oqdaryodagi sport maktabiga qarashli «TIP-1» sport inshooti, 56, 11, 20, 32, 38, 51, Urgutdagi 5, 123, Bulung‘urdagi 2, 36-umumta’lim maktablarining sport zallari ta’mirga muhtoj. Shuningdek, viloyatdagi 389 ta umumta’lim maktabida sport zallari yo‘q va belgilangan 34 nomdagi sport jihozlariga ehtiyoj mavjud.
Sportchilarimiz 2022 yilning 11 oyi davomida O‘zbekiston chempionati (kubogi)da 3729 ta (1380 ta oltin, 1060 ta kumush, 1289 ta bronza), jahon, Osiyo va xalqaro musobaqalarda 275 ta (56 ta oltin, 94 ta kumush, 125 ta bronza) medalni qo‘lga kiritgan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.