Chempion shaxmatchilarning ota-onasiga viloyat hokimining tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi

Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon 44-shaxmat olimpiadasida ishtirok etgan shaxmatchilarning 5 nafari Samarqanddan. Aniqrog‘i, Jahongir Vohidov, Marjona Malikova, Afruza Hamdamova bugungi kunda ham Samarqandda yashaydi. Nodirbek Abdusattorov (asli narpaylik) va Javohir Sindorov (asli qo‘shrabotlik) hozirda Toshkent shahrida yashaydi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lgan samarqandlik O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolarini shu darajaga yetkazishda o‘z xizmat va mahoratlarini ayamagan yaqinlarini taqdirladi. Xususan, Jahongir Vohidovning otasi Toir Vohidovga, Javohir Sindorovning bobosi Komil Sindorovga hamda Nodirbek Abdusattorovning otasi Fazliddin Ochilovga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘a taqdim etdi.

Ushbu sovg‘alarni viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari B.Rahmatullayev hamda viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev topshirdi.