Chiqindidan import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulot

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi “ASIA FIBER” mas’uliyati cheklangan jamiyatida oddiy chiqindi – bugungi kunda hamma joyda uchraydigan yelim idish qayta ishlanib, sanoat uchun sifatli xomashyo tayyorlanmoqda.

Bu korxona faoliyati haqida yozishdan oldin yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilgan tanqidiy fikrlarga e’tibor qaratsak.

“Toza hudud” qamrovi nega past?

Prezidentimiz keyingi yillarda soha ishida o‘zgarish kuzatilayotgan, chiqindini boshqarish va qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or tajribalardan foydalanilayotgan bo‘lsa-da hamon yechimini kutayotgan masalalar, muammo va kamchiliklar mavjudligini qayd etdi. Bir qator tumanlar, jumladan, Urgutda ham tozalash xizmati qamrovi respublika ko‘rsatkichidan ikki baravar pastligi, “Toza hudud” korxonalarining debitor qarzdorligi yuqoriligi tanqid qilindi.

Xo‘sh, 500 mingdan ko‘proq aholi yashaydigan tumanda nega vaziyat bunday?

– Bugungi kunda tumanimizda 102 mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lsa, ularning 34 tasi bilan shartnoma tuzganmiz, – deydi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi Urgut tumani filiali rahbari Anvar Amirov. – Asosan tuman markazida bo‘lgan bu hududlarda 50 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahallalardan haftada kamida bir marta maxsus texnikalarimiz yordamida chiqindi tashib ketiladi. Kuniga 25 tonna chiqindi chiqariladi. Shuningdek, tumandagi 1000 ga yaqin korxona va tashkilot, ta’lim va tibbiyot muassasalari, bog‘chalar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sub’yektlariga xizmat ko‘rsatamiz. Qishloq joylaridagi aholi xonadonlaridan chiqindilarni yig‘ib ketish yuzasidan mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Lekin bu hali kutilgan natijani bergan emas. Bu boradagi ishlarimizni yanada jonlantirishimiz kerak. Ko‘proq mahallalarni qamrab olsak, shunga yarasha texnika, ishchi kuchi jalb etish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Tumanimizning o‘zida maxsus chiqindi poligoni bor. Bu yerda ham tadbirkorlik sub’yektlarini yoki xorijiy investorlarni jalb qilib, zamonaviy texnologiyalar yordamida chiqindini saralash va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish mumkin. Ushbu masala bo‘yicha bir qator takliflar bo‘ldi, ammo hali aniq loyiha tasdiqlanmadi. Umuman, davlatimiz rahbarining tanqidiy fikrlaridan kelib chiqib yil yakuniga qadar qamrovni hozirgidan ikki baravar oshirishni mo‘ljallab turibmiz. Avgust oyi yakunigacha yana 2 ta mahalla bilan shartnoma tuzib, ularga ham xizmat ko‘rsatishni boshlaymiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tumanda aholining chiqindidan qarzdorligi 1 milliard so‘mdan oshgan.

Chiqindidan pul qilsa bo‘ladi

Yig‘ilishda mazkur tarmoqdagi nodavlat sektor chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlashda yaxshi samara berayotgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosida klasterlar tashkil etish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish vazifasi topshirildi.

Endi Urgutdagi chiqindidan import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulot ishlab chiqarayotgan zamonaviy korxona faoliyatiga to‘xtalsak. “ASIA FIBER” chiqindi yig‘ish, ya’ni bu borada aholiga xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanmaydi, faqat yetkazib berilgan ikkilamchi xomashyoni qayta ishlaydi. Respublikadagi sanoqli, istiqbolli ishlab chiqarish sub’yektlaridan biri.

– Bugungi kunda dunyoning sanoati rivojlangan davlatlarida ikkilamchi xomayoshdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Inom Umarov. – Ayniqsa, Yevropa va Osiyodagi bir qator davlatlarda chiqindidan energiya resurslari, tekstil sanoati uchun xomashyo tayyorlash borasida zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi. Biz ham ana shu tajribalarni o‘rganib, Yaponiya, Germaniya va Xitoydan zamonaviy texnik uskunalar keltirib, chiqindini qayta ishlab, mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandik. Hammamiz har kuni foydalanadigan va chiqindiga tashlab yuboradigan ichimlik suvlarining yelim idishlari biz qayta ishlaydigan asosiy ikkilamchi xomashyo hisoblanadi. Undan bir necha xil poliester ip, tola ishlab chiqaryapmiz. Biz faoliyat boshlagan paytda respublikamizda bunday korxona deyarli yo‘q edi, bugun esa ancha ko‘payib qoldi. Bu yaxshi, albatta. Chunki raqobat bo‘lgan joyda yangilikka intilish, sifat bo‘ladi. Talab va ehtiyoj muvofiqlashadi.

2016 yilda davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi va Urgut tumani sanoat hududidagi korxonalar faoliyati bilan tanishuv chog‘ida “ASIA FIBER”ning ishini yuqori baholagan hamda tadbirkorning korxonani yanada kengaytirish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan edi.

– O‘sha uchrashuv chog‘ida berilgan topshiriq asosida bank tomonidan kerakli miqdorda kredit ajratildi, o‘zimiz ham mablag‘ jalb qilib, korxonamizning ikkinchi va uchinchi liniyalarini ishga tushirdik, – deya so‘zida davom etadi I.Umarov. – Hozir keltirib o‘rnatilgan uskunalar nafaqat respublikamiz, balki MDH davlatlarida ham yagona hisoblanadi. Shuningdek, xorijdan o‘ndan ortiq malakali mutaxassislar, texnologlarni ishga taklif qilganmiz. Ular yordamida hozirda 13 ming tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Biz ishlab chiqarayotgan sun’iy ip va tolaning asosiy xaridorlari erkin iqtisodiy zonadagi gilam va boshqa tekstil korxonalari, charm-poyabzal sanoati ishlab chiqaruvchilari hisoblansa-da respublikamizdan boshqa hududlaridan ham buyurtmalar bor. Bundan tashqari, Rossiya, Turkiya, Qozog‘istonga eksport qilamiz.

200 nafarga yaqin ishchi mehnat qilayotgan korxonada mahsulot turini oshirish bo‘yicha bir qator yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

Yangi tashabbuslar, tashabbuskorlar kerak

Urgutda shunday zamonaviy korxona faoliyat ko‘rsatsa-yu tumanda chiqindi yig‘ish va uni qayta ishlash masalasida muammo bor, deyilsa ishonish qiyin-a? Lekin hozircha vaziyat shunday.

Bugun nafaqat shaharlar va aholi gavjum qishloqlarda, balki chekka hududlarda ham maishiy chiqindi bilan bog‘liq muammo va kamchiliklar bisyor. Hamma joyda ham, hamma chiqindini ham ko‘mib tashlab bo‘lmaydi-ku. Ayniqsa, hozirda polietilen, yelim va boshqa sun’iy materiallardan tayyorlanayotgan idishlar, kundalik ehtiyoj uchun foydalanilayotgan buyum va ashyolar yil sayin ko‘payib borayotgan bir paytda bundan hosil bo‘layotgan chiqindilarni zararsizlantirib, qayta ishlash taqozo etiladi. Bu bilan ushbu ishga pul tikkan tadbirkor daromad qilishi, ham atrof-muhit musaffoligiga hissa qo‘shishi mumkin. Buning uchun yangi tashabbuslar, tashabbuskorlar kerak, xolos. Shunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan kishilarni ko‘rib, kuzatib, albatta, tashabbuskorlar chiqishiga ishondik.

G‘olib HASANOV,

Alisher ISROILOV (foto).