Chiqindixona ostidagi Ajdaho yoxud Kenja botirni kutib

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, moziydamas bugungi zamonda, qadimiy Turonning go‘zal va betakror Samarqand shahri bor ekan. Bu shahar o‘zining mehnatsevar ahli mehri bilan gullab-yashnab borayotganini butun jahon ko‘rib, samarqandliklarga havas qilar ekan.

Kunlardan bir kun yovuz Ajdaho o‘zining shum niyatlarini amalga oshirish rejasini tuzibdi. U shahar ahli qalbidagi mehrni yo‘qotish, odamlar salomatligini xavf ostida qoldirish, yuraklarga qo‘rquv solish maqsadida qadim kentga hujum qilmoqchi bo‘libdi. Ajdahoning sevimli yemishi xonadonlar, mahallalar, korxonayu tashkilotlardan chiqayotgan turli xil chiqindilar ekanligini anglagan shahar ahli o‘z uyini, mahallasini, shahrini chiqindilardan tozalashga, ona shahrini ozoda saqlashga bel bog‘lashibdi.

Ajdahoning hujumini shahar ahli jasoratu matonat bilan qaytaraveribdi, qaytaraveribdi. Ko‘chayu xiyobonlar kundan-kunga chiroy ochaveribdi. Ochlikdan sillasi qurib, umidsizlikka tushgan Ajdaho noiloj shahar chetidagi Xishrav qo‘rg‘oniga yaqin joyga chekinib, o‘z o‘limini kuta boshlabdi.

Buni qarangki, shahardagi barcha chiqindilar Ajdaho jon saqlayotgan shu joyga tashlanar ekan. Bu yovuz Ajdaho uchun ayni muddao bo‘libdi. Har kuni shahardan chiqadigan botmon-botmon chiqindilar uning oldiga tashlanaveribdi. U mana shu chiqindilarni yeb, asta-sekin kuch to‘play boshlabdi. Keyingi paytlar bu yerga tashlanayotgan chiqindilar shunchalik ko‘payib ketibdiki, Ajdaho shahar ahlidan yashirinish maqsadida tog‘dek uyulib ketgan chiqindilarning ostiga kirib ketibdi.

Yovuz va makkor Ajdaho endi odamlarga o‘zini ko‘rsatmasdan yomonlik qila boshlabdi. Chiqindilarni yeb kuchga to‘lgan bu maxluq og‘zidan olov emas, balki inson hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lgan zaharli tutun chiqararkan. Bu tutun shu yaqin atrofda yashaydigan odamlar, ayniqsa, yigirma mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Kimyogarlar qo‘rg‘oni ahli nafas oladigan havoni bulg‘arkan. U og‘zidan zaharli tutun chiqarganda odamlar eshigu derazalarni zich yopib, uyda jon saqlasharkan. Aks holda tutun og‘iz, burun va ko‘zlarni achishtirib, odam bolasini turli kasalliklarga giriftor qilar ekan.

Bundan qahri kelgan To‘ng‘ich botir Ajdahoni axtarib, o‘sha ulkan chiqindixonaga yo‘l olibdi. Bir necha yilu oy uni qidiribdi. Afsuski, topolmabdi. Keyin O‘rtanchi botir qilich yalang‘ochlab, yo‘lga chiqibdi, qidiribdi. Buni qarangki, u ham Ajdahoni topolmay, sarsonu sargardon bo‘libdi.

Endi navbat Kenja botirga kelibdi...

Afsuslar bo‘lsinki, Qo‘hi Qofda yashaydigan Devga qarshi kurashishga ketgan Kenja botir hali Samarqandga qaytib kelmagan ekan.

Ayni paytda shahar ahli Xishrav qo‘rg‘oni yaqinidagi ulkan chiqindixona ostida yashayotgan Ajdahodan xalos bo‘lish uchun Kenja botirni ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutayotganmish. Dono odamlarning aytishicha, Kenja botir tez kunlarda kelib, Ajdahoni o‘ldirib, Kimyogarlar qo‘rg‘onida yashayotgan yurtdoshlarini bu yovuzning zaharli tutunidan xalos etarmish.

Hurmatli o‘quvchilar! Ertagimni shu yerda tugatmoqchiman. Chunki hali Kenja botir qaytib kelgani va biror qahramonlik ko‘rsatgani yo‘q. Nasib qilsa, Kenja botirning jasorati haqida alohida ertak aytib beraman. O‘shanda barcha murodu maqsadiga yetadi.

Hakim JO‘RAYEV.