Bu yilgi yozgi oromgohlarda qancha bola dam oladi: “Chor chinor” bolalar oromgohi mavsumga shaymi?
Samarqand viloyat Urgut tumani tog‘ yonbag‘irlaridagi so‘lim maskanda joylashgan “Chor chinor” bolalar oromgohida “Oromgohlarda bolalarning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishga barchamiz mas’ulmiz” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarini namunali tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda viloyat va tuman (shahar) hokimligi mas’ullari, xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, tibbiyot birlashmasi boshliqlari, kasaba uyushmalari raislari, DSENM bosh vrachlari, barcha oromgoh rahbarlari hamda tarbiyachi va sport murabbiylari qatnashdi.
– Yozgi ta’til vaqtida 23 ta doimiy oromgohda 10 mingga yaqin, kunduzgi oromgohlarda esa 11 mingdan ortiq bolalarni xordiq olishi rejalashtirilgan, – dedi viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov seminar ishtirokchilariga. – Shuning uchun barchamiz ularning vaqtini mazmunli o‘tishida hissamizni qo‘shishimiz kerak. Bolajonlar qaysi oromgohda bo‘lmasin o‘tkazgan o‘n ikki kunidan xursand bo‘lsin. Bu tadbirni “Chor chinor” bolalar oromgohida tashkil qilganimiz ham bejiz emas, albatta. Negaki, har bir oromgoh rahbari mazkur maskandagi sharoit va imkoniyatlarni ko‘rib, o‘rgansin va amaliyotda qo‘llashga harakat qilsin.
Amaliy seminar davomida bolajonlar dam olish vaqtining mazmunli o‘tishi, ularning har bir xatti-harakatini qat’iy nazoratga olish kerakligi aytildi. Ishtirokchilar o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi va o‘zaro savol-javoblar bo‘ldi. Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari oromgohda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Oromgohda zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan oltita yotoq paviloni, yozgi amfiteatr, suzish havzasi, sport majmuasi, tashqi va ichki o‘yingohlar hamda oshxonada tashkil etilgan qulayliklar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, mehmonlar oromgohdagi bolalar uchun qiziqarli adabiyotlar bilan ta’minlangan kutubxona, ma’naviyat va tibbiyot xonasi bilan tanishdi.
Tadbir yakunida viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan bolajonlar uchun tayyorlangan quvnoq kuy va qo‘shiqlardan iborat disklar tarqatildi.
Abdujabbor Po‘latov.