"Coca-Cola" jamg‘armasi O‘zbekistonda COVID-19 virusiga qarshi chora-tadbirlar uchun 200 ming dollar ajratdi

Jamg‘armaning 200 000 AQSh dollari miqdoridagi grant ajratishidan maqsadi COVID-19 inqirozi bilan bog‘liq bo‘lgan insonparvarlik yordami doirasida O‘zbekistonga sun’iy nafas oldirish va boshqa tibbiy uskunalarni taqdim etishdan iborat.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi "Coca-Cola" jamg‘armasi nomidan ushbu missiyaning ijrosi uchun mas’ul etib belgilangan.

BMT Taraqqiyot dasturi va "Coca-Cola" jamg‘armasining mazkur qo‘shma faoliyati doirasida infeksiyaning eng og‘ir oqibatlaridan aziyat chekayotgan bemorlarning hayotini saqlab qolish imkoniyatlarini ta’minlash va kishilarni  bu virusga chalingan yoki chalinmaganini aniqlovchi testlarni o‘tkazish uchun zarur uskunalar zudlik bilan sotib olinadi.

Ma’lumot  o‘rnida, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi 2011 yildan buyon "Coca-Cola" jamg‘armasi bilan hamkorlik qilib keladi. Bu davrga qadar "Coca-Cola" jamg‘armasi umumiy qiymati 505 ming AQSh dollariga teng 5 ta loyihani moliyalashtirgan. Ushbu loyihalar mamlakatdagi bir nechta muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda Samarqand, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka qishloq joylarida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.