COVID-19 ga qarshi dorilarning test sinovlari qachon boshlanishi ma’lum qilindi

Koronavirus epidemiyasining pandemiyaga aylanishi va ikki oy ichida jahonning qariyb barcha mamlakatlariga tarqalib ulgurgani fan-texnika taraqqiyoti yuqori darajaga yetganiga qaramay, xalqaro hamjamiyat ushbu kasallikni jilovlay olmaganini ko‘rsatib turibdi. Pandemiya insonlar harakatini cheklab qo‘ydi, iqtisodiyotni karaxt ahvolga keltirmoqda, hamma yoqda karantin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bugunga kelib koronavirusga chalinganlar soni dunyo bo‘yicha 500 ming kishidan oshdi. Pandemiya qurbonlari soni 23 ming kishini tashkil etmoqda.

Ayni paytda virusga chalinish holati dunyoning 201 ta mamlakatida qayd etilgan.

Qolaversa, JST COVID-19 pandemiyasining yana qancha vaqtgacha davom etishini aytishning imkoni yo‘qligini ta’kidlamoqda.

JST ning sog‘liqni saqlash sohasida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayan Jenevada o‘tkazgan brifingda koronavirusning yana qancha cho‘zilishi xususida to‘xtalib, jumladan, shunday dedi:. "Ayni damda hech kim epidemiyaning yana qancha davom etishini ayta olmaydi. Qarshimizda juda ko‘p ssenariylar ko‘ndalang turibdi".

Bunday paytda dunyo tibbiyot ahli kasallikning oldini olish chorasini izlash bilan bir qatorda, uni samarali davolash usulini topmagunicha muammo uzil-kesil hal bo‘lmasligini ta’kidlashmoqda.

Hazir barcha davlatlarda tibbiy soha tadqiqotchilari virusga qarshi dori ixtiro qilish, uning oldini olish uchun vaksina topish choralarini ko‘rish ustida bosh qotirmoqda. Shubhasizki, bu kabi tadqiqotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) dasturlari doirasida olib borilmoqda. Kuni kecha “Katta yigirmatalik”ka a’zo davlatlar rahbarlarining onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan sammitida ham koronavirusga qarshi kurashda JST vakolatini kengaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Yaqinda Jenevada shahrida JST bosh direktori Tedros Adxan Gerbeyesus koronavirusga qarshi kurash dasturi doirasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar xususida jurnalistlar uchun brifing o‘tkazdi. Unda bosh direktor COVID-19 koronavirusiga qarshi to‘rtta turli toifadagi dorilar yaqin vaqt ichida ko‘ngillilarda sinab ko‘rilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan test sinovlari ushbu dorilarning eng samaralisini aniqlab olishga yordam berishi kerak.

"Bugun biz ushbu yangilikni aytishdan mamnunmizki, Norvegiya va Ispaniyada mijozlar ilk bor “Birdamlik testlari” dasturi ro‘yxatiga yozildi. Ular COVID-19ga qarshi to‘rtta turli toifadagi dorining xavfsizligi va kasallikni davolash samarasini yoki dorilar kombinatsiyasini solishtirib ko‘radilar.

"Birdamlik testlari" dasturi JST tomonidan 18 mart kuni boshlangan edi. Undan ko‘zlangan maqsad jahonda COVID-19 kasalligini davolashning turli usullari haqida ma’lumotlarni almashish hisoblanadi va shu yo‘l bilan eng samarali dori tanlab olinadi. Kasallikni davolashning turli usullari haqida ma’lumotlar almashish rejasiga hozirda Argentina, Baxrayn, Kanada, Fransiya, Eron, Norvegiya, Janubiy Afrika respublikasi, Ispaniya, Shveysariya va Tailand qo‘shildi. Hozirda ushbu dasturda jami 45 ta davlat ishtirok etmoqda.