"CTOUR" jurnali: Samarqand yirik va nufuzli xalqaro tadbirlar o‘tkazish joyiga aylandi
Germaniyaning "CTOUR" jurnalida O‘zbekiston haqidagi ko‘plab sayyohlik qo‘llanmalari muallifi, fotograf Karsten Bodo Tyonsning "Ipak yo‘li" markazida sharqona musiqa festivali" sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Muallif Bodo Tyons o‘quvchilarni Samarqandning madaniy va tarixiy merosini o‘rganishga taklif qiladi. Uning yozishicha, shahar har bir sayyoh uchun O‘zbekistondagi eng muhim manzillardan biridir. 2700 yildan oriq tarixga ega bo‘lgan bu qadimiy shahar xalqaro anjumanlar va madaniy tadbirlar, jumladan, "Sharq taronalari" kabi nufuzli xalq musiqasi festivali uchun muhim markazga aylanib ulgurgan. Shu o‘rinda muallif, joriy yilning sentyabr oyida Germaniya Federal kansleri Olaf Sholsning mamlakatimizga rasmiy tashrifi ham ushbu shaharda bo‘lib o‘tganini ta’kidlagan.
Bejirim suratlar bilan boyitilgan maqolada 2016 yildan keyin O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgan. "Mamlakat o‘zining turistik jozibadorligini oshirish maqsadida turizm infratuzilmasiga katta sarmoya kiritib, yangi turistik hududlarni rivojlantirmoqda. Samarqand shahri yaqinida barpo etilgan zamonaviy, ko‘p qirrali "Silk Road Samarkand" majmuasi aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Bu majmua sun’iy kanal atrofida joylashgan bo‘lib, bugun ShHT va YuNVTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi kabi katta xalqaro anjumanlar, yirik xalqaro tashkilotlarining sammitlari hamda yirik sport musobaqalariga mezbonlik qilmoqda", – deya qayd etgan muallif.
Bugun afsonaviy Samarqand dunyodagi nufuzli tashkilotlarning uchrashuv joyiga aylandi. Mehmonlar bu yerda zamonaviy mehmonxonalar, ovqatlanish va dam olish majmualarini o‘zida mujassam etgan tarixiy ko‘rinishdagi "Boqiy shahar"ga tashrif buyurish imkoniyatiga egalar.
Nemis nashri madaniy va sayyohlik hayotining markazi bo‘lgan mashhur Registon maydoniga alohida urg‘u bergan. Maqola muallifi bu mo‘’jizaviy maydonga ta’rif berish uchun taniqli britaniyalik sayohatchi, davlat arbobi Jorj Kerzonning Registon haqidagi ta’rifini keltiradi: "Registon hatto Yevropada ham qiyosi yo‘q dunyodagi eng hashamatli maydondir".
Shuningdek, muallif, Amir Temur va uning nabirasi Mirzo Ulug‘bek qoldirgan moddiy va ma’naviy meros haqida ham batafsil to‘xtalgan.
"1997 yildan buyon aynan shu maydonda YuNESKO hamkorligida "Sharq taronalari" festivali o‘tkazib kelinmoqda. 2024 yilning avgust oyida, pandemiya sababli yuzaga kelgan besh yillik tanaffusdan so‘ng, festival yana tashkil etilib, butun dunyodan ishtirokchilarni yig‘di. Yevropadan, Osiyodan va hatto Afrikadan kelgan ishtirokchilar milliy musiqa va nafis raqs namoyishlarini guvoh bo‘ldilar", – deb ta’kidlagan u.
Muallif Samarqand O‘zbekistonning boshqa shaharlari orasida o‘ziga xos o‘rin tutishini, chunki bu yerda tarixiy meros va zamonaviy turistik infratuzilma ajoyib tarzda uyg‘unlashganini ma’lum qilgan. Bodo Tyons, shuningdek, shaharni xalqaro hamjamiyat uchun jozibali madaniy va sayyohlik markazi sifatida mohirona tasvirlaydi va ushbu festivalni keng jamoatchilik uchun yanada ham ommabop qilish zarurligini ta’kidlagan, deya xabar beradi "Dunyo" AA..