Erkinjon Turdimov: Samarqand nufuzli anjumanlar og‘ushida
Dunyo ahli nigohi yana Samarqandga qaratilgan. Yer yuzining sayqali bo‘lgan zamin yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilmoqda.
Samarqand eshkak eshish kanalida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati, “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressi boshlandi. Kelgusi haftada “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlar Mustaqillik bayrami tantanalariga ulanib ketadi va uning ortidan 7-8 sentyabr kunlari triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand” xalqaro musobaqasi tashkil etiladi.
Har biri sayyoramizning turli qit’alaridan keladigan mehmonlar ishtirokida o‘tadigan mazkur tadbirlarga nafaqat shaharda, balki butun viloyat bo‘ylab tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Bu haqida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan suhbatlashdik.
– Aslida, Samarqandga kunda bo‘lmasa ham kunora nufuzli delegatsiyalar tashrifi kuzatiladi, turli darajadagi xalqaro tadbirlar o‘tkaziladi, – deydi Erkinjon Turdimov. – Azaldan shunday bo‘lib kelgan va Samarqandning barakasi ham shunda, deb o‘ylayman. Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, G‘arb va Sharqni bog‘laydigan Samarqand nafaqat savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar, balki ma’rifat markazi bo‘lgani uchun ham hamma bu yerga talpingan va balki, shuning ortidan yer yuzining sayqali, deya e’tirof etilgan.
Prezidentimizning alohida e’tiborlari, Samarqandni Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlari tufayli bu maqom yanada oshdi. Xalqaro diplomatiyada “Samarqand ruhi” degan tushuncha paydo bo‘ldi va bu davlatlar, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, bag‘rikenglik, ahillikni ifoda etmoqda. Ayniqsa, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, BMT nufuzli tuzilmalarining Samarqand sammitlaridan keyin bu zaminning dunyo siyosiy maydonidagi tarixiy shuhrati tiklandi. Shu tufayli ham Samarqandda bir qator davlatlarning konsulliklari, vakolatxonalari ochildi, yana bir nechta shunday idoralarni tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Bu jihatlar viloyatning xalqaro nufuzi, obro‘-e’tiboriga daxldor bo‘lsa, ikkinchi tomondan iqtisodiy samarasiga e’tibor qarataylik. Samarqandda o‘tayotgan har bir xalqaro tadbir – u siyosiy-iqtisodiy, ilmiy-madaniy anjuman yoki sport musobaqasi bo‘ladimi, nufuzli delegatsiyalar tashrifimi, avvalo, turizm rivojiga xizmat qiladi. Mazkur tadbirlar ortidan yuzlab, minglab sayyohlar Samarqandga kelishi mumkin, hatto sarmoya kiritib, shu yerda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan ishbilarmonlar chiqadi. Bu amalda o‘z isbotini topmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand xalqaro turizm markazining tashkil etilishi ham bu maqsadga xizmat qilmoqda. Bugun ko‘p tarmoqli ushbu sayyohlik markazini olasizmi yoki shahardagi, viloyatning boshqa turistik maskanlaridagi mehmonxonalar, sayyohlik firmalarini ko‘ring, ularda, albatta, xorijlik hamkorlar ishtirokiga guvoh bo‘lasiz. Yaxshi bilasiz, har qanday chet ellik tadbirkor biznesining ertasiga ishonch bo‘lsa, tikkan bir dollari yuz dollar bo‘lib qaytishiga ishonsa, o‘sha yurtga investitsiya kiritishga harakat qiladi.
– Gap sayyohlik haqida ketar ekan, ayting-chi, ana shu o‘zgarish va imkoniyatlar Samarqand iqtisodiyotida sayyohlikning ulushini oshirdimi?
– Bo‘lmasam-chi! Birgina joriy yilning dastlabki olti oyida viloyat yalpi hududiy mahsuloti tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 48 foizni tashkil etdi. Bunda turizmning ulushi boshqa tarmoqlarga nisbatan oshib borayotgani kuzatilmoqda. Bunga qanday erishilayotgani ham aniq. Joriy yilning olti oyi davomida viloyatga 1 million 253 ming xorijiy, 1 million 742 ming mahalliy sayyohlar kelgan. O‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganimizda bu 1,4 barobarga ko‘p demakdir. Agar buni olti-yetti yil oldinga davr bilan taqqoslasak, o‘sish qanchalik yuqori ekanligi ko‘rinadi. Yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 301,3 million dollarni tashkil etib, turistlarning Samarqandda qolishi qariyb ikki barobarga uzaydi. Sayyohlar viloyatimizda ko‘p vaqt qolishi qo‘shimcha daromad, yangi ish o‘rni, degani. Shuning uchun yilning birinchi yarmida 910 o‘rinli 6 ta mehmonxona, 11 ta xostel, 40 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etildi. 45 ta turistik kompaniya faoliyat boshlab, ularning umumiy soni 347 taga yetdi. Sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun ayni paytda viloyatimizda turistik sinfga mansub 121 ta avtobus, 115 ta mikroavtobus mavjud. Davlatimiz rahbarining 18 iyul kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yana oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan xorijdan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar 2015 yil 1 avgustga qadar bojxona bojidan ozod qilinishi bunday transport vositalari soni yanada oshishiga xizmat qilishi tabiiy.
Bundan tashqari, yil boshidan buyon viloyatimizda 255 milliard 850 million so‘mlik 14 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Jumladan, 132 milliard so‘mlik 6 ta mehmonxona, 55 milliard so‘mlik bitta sanatoriy-sog‘lomlashtirish markazi, 13 milliard so‘mlik 3 ta ekoturizm dam olish maskani, shuningdek, transport xizmati, logistika, avtokemping va boshqa xizmatlar loyihalari ishga tushirildi. Prezidentmizning shu yilning 6 fevraldagi qaroriga ko‘ra, Samarqand tumanida umumiy maydoni 4656 gektar bo‘lgan “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilmoqda. Zamonaviy mazkur dam olish maskani ham viloyatimizda sayyohlik sohasi rivojiga xizmat qiladi.
Yilning ikkinchi yarmida viloyatga keladigan xorijlik sayyohlar sonini 2,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 500 million AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda 40 dan ortiq xalqaro va mahalliy turizm festivallari o‘tkaziladi.
– “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ham ana shunday tadbirlarning asosiylaridan bo‘lsa kerak...
– Albatta. “Sharq taronalari” bugun Samarqand nomi bilan uyg‘un tushunchaga, dunyodagi nufuzli san’at anjumanlaridan biriga aylandi. Sayyoramizning turli davlatlarida madaniyat festivallari, tanlovlar o‘tkaziladi. Ularning aksariyati ma’lum vaqt davomida o‘tkazilib, keyin unutilib ketishi yoki formati o‘zgarishi mumkin. Ammo “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali tashkil etilganiga 27 yil o‘tgan bo‘lsa-da ahamiyati va nufuzi oshsa oshyaptiki, aslo kamaygan emas. 1997 yildan buyon har ikki yilda an’anaviy ravishda avgust oyining so‘nggi besh kunligida Registon dunyo san’at ahlining bosh sahnasiga aylanadi. Festival YuNESKO va AYSESKO singari nufuzli xalqaro tashkilotlarning yillik tadbirlari dasturidan o‘rin olgani, ular tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotgani ham uning darajasi qanchalik yuqoriligidan dalolat beradi. Shuning uchun orada ma’lum muddat festivalni o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaganda nafaqat yurtdoshlarimiz, hatto, xorijlik madaniyat va san’at namoyandalari, san’at shinavandalari festival taqdiri bilan qiziqdi, “Sharq taronalari”ni o‘tkazish takliflari bildirildi. Ana shu takliflar hamda festivalning xalqaro ahamiyati hisobga olingan holda hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan bu yil “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga qaror qilindi. 26-30 avgust kunlari betakror Registon maydonida yana dunyo xalqlari kuy-qo‘shiqlari yangraydi, san’at orqali tinchlik, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik, ahillik targ‘ib etiladi.
– Qayd etganingizdek, oradagi besh yillik tanaffus davomida endi “Sharq taronalari” o‘tkazilmas ekan, boshqa hududlarda tashkil etilar ekan, degan gap-so‘zlar tarqaldi. Bu yil o‘n uchinchi festival o‘tkazilishi haqidagi xabarlar tarqalganda ham ayrimlar tadbir avvalgidek shuhratga erisharmikan, deb ikkilandi. Ammo keyingi ma’lumotlardan ayon bo‘lyaptiki, “Sharq taronalari”da qatnashish istagini bildirgan davlatlar va xalqaro tashkilotlar soni ham oldingilardan kam emas.
– Yuqorida aytganimdek, bu avvalo, festival oldiga qo‘ygan maqsadlarning ulug‘ligi va ezgu g‘oyalari bilan bog‘liq. Bir jihatga e’tibor bering, dunyodagi barcha davlatlar, xalqlar ham, buni ochiq aytmasa-da, bir-biriga do‘st, xayrixoh emas. Ayniqsa, hozirgi sharoitda sayyoramizning turli nuqtalarida davlatlar, mintaqalararo nizolar, kelishmovchilar avj olayotgan, ikki tomonlama bunday kelishmovchiliklarga boshqa mamlakatlarni ham tortishga urinish kuchayib borayotgan bir paytda yer yuzidagi barcha qit’alardagi davlatlaridan kelgan san’at ahlining bir maydonda, bir sahnada o‘z madaniyati, san’atini namoyish etishi, targ‘ib qilishi uchun imkoniyat yaratish barcha festival va tadbirlarga xos emas. “Sharq taronalari” esa tinchlik, do‘stlik, bag‘rikenglikni targ‘ib etishi barobarida dunyoda ahamiyati oshib borayotgan madaniyat, san’at forumidir. Bu O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati, xalqimizning bag‘rikengligini ifoda etadi.
Shu o‘rinda bir tarixiy faktni eslatmoqchiman. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur saroyida o‘tkaziladigan musiqiy anjumanlar haqida to‘xtalib, “Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, g‘azalu naqsh aytur erdilar. Va turku mo‘g‘ul, xitoyu arab va ajamdin har kim o‘z rasmi bilan nag‘ma aytur erdi”, deb yozgan.
Demoqchimanki, “Sharq taronalari”ning dunyoviy shuhrat topishi va e’tirof etilishi bejiz emas. Yurtimizda madaniyat, san’at rivoji bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi va bugungi musiqa anjumanlari, festival va tadbirlar ana shu azaliy tomirlardan oziqlanadi, kuch oladi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro maqom san’ati anjumani, baxshichilik san’ati festivali, folklor festivali kabi madaniy tadbirlar ham qisqa vaqtda keng ommalashdi, xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda.
– Bu yilgi festivalga, qolaversa, shu kunlarda Samarqandda o‘tkazilayotgan boshqa xalqaro tadbirlarga qanday tayyorgarlik ko‘rildi?
– Davlatimiz rahbarining topshiriqlari hamda festivalni o‘tkazish bo‘yicha qarorda tegishli vazirlik va idoralar, viloyat va shahar hokimliklarining vazifalari, amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab berilgan. Vazirlar Mahkamasi tomonidan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan shtabda bu vazifalar ijrosi monitoring qilib borilmoqda. Festival tashkiliy qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda kunlik vazifalar ijrosi ta’minlanib, tahlil qilib borilmoqda. Hozirgacha 70 dan ortiq davlatdan 300 nafardan ko‘proq ishtirokchi festivalda qatnashishini bildirgan. Ularni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, tadbirlarda ishtirok etishini ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha alohida guruhlar ishlayapti. Har bir jamoa uchun mas’ullar belgilangan. Shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari, oliy martabali mehmonlar kelishi kutilmoqda.
Festivalning asosiy sahnasi – Registon maydonida amfiteatr tashkil etildi. Yurtimizning taniqli madaniyat va san’at namoyandalari, rejissyorlardan iborat ijodiy guruh tomonidan festival ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Repititsiya jarayonlarida qatnashayotgan 300 dan ortiq ishtirokchi uchun zarur sharoit yaratib berilgan.
Registon maydoni va uning atrofida, shuningdek, butun shahar bo‘ylab 600 ming tupdan ortiq gul, 100 ming tup buta ko‘chatlari ekildi. 1500 ta tungi yoritish chiroqlari va projektor, 1250 metr bezakli chiroqlar o‘rnatildi. Shahar va uning atrofidagi 28 kilometr yo‘llar festival ruhiga mos tarzda bezatilmoqda. Tadbirlarga tayyorgarlik jarayonida 5,5 kilometr yo‘l asfalt qilindi, 12 kilometr piyodalar yo‘laklari tartibga keltirildi.
Bundan tashqari, Samarqand shahri va Samarqand tumani hududidan oqib o‘tuvchi Siyobcha kanali ikki qirg‘og‘i bo‘ylab 36 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi. Mehmonlar ushbu hududlarda ham sayr qilib, hunarmandlar ko‘rgazmasi, madaniy dasturlardan bahramand bo‘lishlari mumkin. Festival ishtirokchilari tanlov dasturidan tashqari vaqtda Samarqand shahri va yaqin tumanlardagi to‘qqiz joyda, istirohat bog‘lari, amfiteatrlarda konsert dasturlarini namoyish etadi.
Xalqaro ilmiy konferensiya va boshqa bir qator tadbirlar Samarqand xalqaro turistik markazi va “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazilishi munosabati bilan mazkur maskanda ham tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun viloyatimizdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, zamonaviy bino va inshootlar, bozorlar va yangi turistik maskanlarga sayohatlar uyushtiriladi. Milliy cholg‘u asboblari, hunarmandlik buyumlari, milliy liboslar ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Kecha boshlangan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi. Mazkur chempionatga ham Sport vazirligi va tegishli sport federatsiyalari bilan hamkorlikda puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Hozirda Samarqand eshkak eshish kanalida dunyoning 50 dan ortiq davlatidan kelgan 500 nafardan ko‘proq sportchilar g‘oliblik uchun bellashmoqda. Bu sportchilar va chempionatning boshqa mehmonlariga ham musobaqalarda qatnashishlari, bo‘sh vaqtlarida Samarqandning betakror tarixiy obidalari va zamonaviy inshootlariga sayohat qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Samarqand xalqaro turizm markazida davom etayotgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongressda esa IRSIKA, AYSESKO, TURKSOY singari xalqaro tashkilotlar, dunyoning 35 davlatidan kelgan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar mamlakatimizda ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va tadqiq etish borasidagi ishlar bilan tanishib, bu borada hamkorlik bo‘yicha fikr almashmoqda. Mazkur xalqaro forum tadbirlari 26 avgust kuni boshlanadigan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivaliga ulanib ketadi va uning qatnashchilari nufuzli san’at bayrami tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Umuman, bugun butun viloyatimiz ahli Samarqandga kelayotgan har bir xorijlik mehmon va yurtdoshlarimiz bu go‘zal va betakror zaminda vaqtlarini sermazmun o‘tkazishlari, yaxshi taassurotlarga ega bo‘lishlari va yana Samarqandga kelish orzusi bilan qaytishlari uchun tayyorgarlik ko‘rganmiz, buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratganmiz.
G‘olib HASANOV suhbatlashdi.