Yil yakunigacha viloyatda turizm xizmatlari eksporti 500 million dollarga yetishi kutilmoqda. Bu nimaning hisobiga bo‘ladi?
Joriy yilning olti oyi davomida viloyatga 1 million 253 ming xorijiy, 1 million 742 ming nafar mahalliy sayyohlar kelgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu 1,4 barobarga ko‘p degani. Yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 301,3 million dollarni tashkil etib, turistlarning Samarqandda qolishi qariyb ikki barobarga uzaygan.
Viloyat turizm boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning birinchi yarmida viloyatda 910 o‘rinli 6 ta mehmonxona, 11 ta xostel, 40 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilib, 45 ta turistik kompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ularning umumiy soni 347 taga yetgan. Yil boshidan buyon 255 milliard 850 million so‘mlik 14 ta loyiha foydalanishga topshirilgan. Jumladan, 132 milliard so‘mlik 6 ta mehmonxona, 55 milliard so‘mlik bitta sanatoriy-sog‘lomlashtirish markazi, 13 milliard so‘mlik 3 ta ekoturizm dam olish maskani, shuningdek, transport xizmati, logistika, avtokemping va boshqa xizmatlar loyihalari ishga tushirilgan. Shu bilan birga, o‘tgan davr mobaynida Vengriya, Ispaniya, Qirg‘iziston, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Tojikiston va Xitoy Xalq Respublikalarida “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” nomli ko‘rgazmalarda viloyatimizning turizm salohiyati namoyish etilgan.
- Samarqand keyingi paytda xalqaro tadbirlar mezboni sifatida butun dunyo nigohini o‘ziga qaratyapti va viloyatimizga tashrif buyuradigan sayyohlar oqimi ham ko‘payib bormoqda, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Narziqulov. - Jumladan, qisqa fursatda Samarqandda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati, “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressi, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali, triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand” xalqaro musobaqasi hamda dunyodagi ikkita yirik to‘qimachilik assotsiatsiyasining birinchi qo‘shma konferensiyasi o‘tkazildi. Mazkur nufuzli tadbirlarda qit’amizning 100 dan ziyod mamlakatidan turli soha vakillari keldi.
Yilning ikkinchi yarmida viloyatimizga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar sonini 2,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda yil yakuniga qadar yana 30 dan ortiq xalqaro va mahalliy turizm festivallari, forum, konferensiya, konsert-tomosha va boshqa turdagi ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi. Shuningdek, viloyatning turizm imkoniyatlarini xorijiy davlatlarda targ‘ib etish va bu orqali xorijiy turistlar va investitsiyalarni jalb etish maqsadida xalqaro turizm ko‘rgazmalarida viloyatimiz sayyohlik salohiyati namoyish qilinadi.
Xususan, 26-29 sentyabr kunlari Yaponiyaning “Tourism EXPO Japan 2024”, 3-6 oktyabr kunlari Malayziyaning “INTAC” (The International Tourism and Cultures, Exhibition&Conference), 22-26 oktyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahridagi “Gunagzhou Lighting Fair 2024” va 21-23 oktyabr kunlari AQShning Mayami shtatida “WTE Miami” xalqaro turizm ko‘rgazmalarida viloyatning turizm sohasi vakillari va tadbirkorlar ishtirok etadi.
Bundan tashqari, yil yakuniga qadar 16 ta joylashtirish vositasi (2 ta mehmonxona, 4 ta xostel, 10 ta oilaviy mehmon uyi), 8 ta turoperator va 7 ta turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallasida “Turizm qishlog‘i” tashkil etilib, Samarqand shahrida 2 ta 239 milliard so‘mlik zamonaviy savdo-ko‘ngilochar maskani, Samarqand tumanida qiymati 15 milliard so‘mlik ekoturizm dam olish maskani loyihasi ishga tushiriladi. Turizm infratuzilmalarini yaxshilash maqsdida o‘zbek, xitoy, arab va ingliz tillarida qo‘shimcha 15 ta turistik ko‘rsatkichlar, hududlarda Wi-Fi nuqtalari tashkil etiladi.
Turizm xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan madaniy meros ob’yektlarida turizm xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha zururiy choralar ko‘riladi. Viloyatda faoliyat ko‘rsatuvchi yirik turistik tashkilotlar bilan Yevropa, Osiyo mamlakatlari va MDH davlatlarida sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha har bir hudud uchun turistik paketlar ishlab chiqiladi.