“Shahrisabz” va “Samarqandning ko‘k gumbazlari” (“Golubie kupola Samarkanda”) qo‘shiqlari muallifining yaqin tarixdan hikoyasi
Yoshim 89 da. Hayotimning 60 yilini O‘zbekistonda yashab o‘tkazdim. Tasavvur qilyapsizmi, butun ongli hayotim Sharq ruhida, o‘zbek xalqining urf-odatlari, hayoti va tarixi ostida shakllangan.
Bu qanday bo‘lgan edi? Otam maktablar ma’muriyatining boshlig‘i sifatida Donbassga yuborilganda, urush boshlandi, otam frontga yuborildi, onam va men evakuatsiya qilindik. Yo‘lda fashistlar poyezdni bombardimon qilishdi - meni o‘z tanasi bilan himoya qilgan onamning taqdiri nima bo‘lganini bilmayman, chunki o‘lganlar juda ko‘p edi...
Bizni O‘zbekistondagi bolalar uyiga olib kelishdi. U yerda men 5 yoshdan 12 yoshgacha yashaganman. Keyin u yerdan qochib, qishloqlarni kezdim, bir burda non topish uchun yer qazidim, g‘isht quydim, tegirmonda un maydaladim. Men o‘zbek oilasida yashab, til o‘rgandim, 1941-1947 yillarda qishloqlarda hayot deyarli o‘rta asrlar davri darajasida saqlanib qolingan bo‘lib, udumlar, urf-odatlar butunlay boshqacha edi, qishloqdagi bu hayot yo‘lini o‘tab, hammasini o‘zlashtirdim.
Buxoroning so‘nggi amiri haqida “Qizil Buxoro” nomli ilk romanimni yozganimda, Afg‘oniston bilan chegaradosh Qashqadaryo viloyati partiya qo‘mitasining bo‘lim mudiri bo‘lib ishlardim. U yerda qizlar hamon paranji kiyib yurardi. Kunlarning birida Sharof Rashidov men bilan gaplashmoqchi ekanini aytishdi, men hayron bo‘ldim, birinchi kotib mendek kichik bir xodim bilan... “Nima, viloyat qo‘mitasi birinchi kotiblari joyida yo‘q ekanmi?” deb so‘radim. “Yo‘q, u kishi siz bilan gaplashmoqchi”, deb aytishdi. Belgilangan paytda go‘shakni oldim:
- Salom Berezikov, Buxoroning so‘nggi amiri haqida yozgan romaningizni o‘qidim, - dedi Sh.Rashidov. - Bizning urf-odatlar, tariximizdan qanchalik chuqur xabardor ekaningizdan hayratda qoldim, uni o‘zbek tiliga tarjima qilishga ko‘rsatma berdim. Bu men uchun katta sharaf.
Oradan bir necha yil o‘tib, menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi va “Yevgeniy Yefimovich, siz Shahrisabz shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlaysiz”, deb aytishdi. Shahrisabz - Kesh shahridek buyuk qadriyat, Amir Temur tug‘ilgan maskanda birinchi kotiblik qila boshladim. Bu boqiylikka sho‘ng‘ib, hovlilar, binolarni kuzata ketdim, Shahrisabzni o‘zim ilgari bilgan boshqa shaharlar bilan solishtirdim. Kulolchilik, arxeologiya, mayolika va me’morchilikni o‘rgandim.
Ulug‘bek tomonidan qurilgan gumbazning diametri 46 metrlik “Ko‘k Gumbaz” masjidi meni hayratga soldi. Hatto Sankt-Peterburgdagi Isaak sobori gumbazining diametri 26, Istanbuldagi Aya Sofiya gumbazi 41, Rimdagi Avliyo Pyotr sobori gumbazi diametri 26 metr. Tasavvur qilyapsizmi, bundan 6 asr oldin Islomning Sharqdagi buyukligi aynan Shahrisabzda muhrlangan.
Jome masjidiga kelganimda u yerdagi hamma narsa tashlandiq holatga kelib qolganining guvohi bo‘ldim: panjaralar, o‘yilgan darvozalarni tikladim.
Ko‘p o‘tmay Shahrisabzga Sh.Rashidov tashrif buyurdi. Sharqona uslubda ta’mirlangan shaharni ko‘rib, hayratga tushdi va 1982 yilning iyun oyida u kishi boshchiligida viloyat ijroiya qo‘mitalari raislarining birinchi kotiblari, barcha me’morlarni yig‘ib, shaharni aylanib chiqdik. Men olti vagon rangli shishaga buyurtma bergandim va barcha markaziy ko‘chalar, do‘konlar va mehmonxonalarni oynalatdim, kechqurunlari butun shahar qanchalik yorishib turganini tasavvur qila olasizmi?
Kunlardan birida qabulimga “Yalla” ansambli solisti Farrux Zokirov kelib, shaharda konsert berishini aytdi. Meni taklif qilishdi, hurmat yuzasidan boraman dedim, lekin bormoqchi emasdim. Chunki ish juda ko‘p edi. Farrux Zokirov qo‘shiq yozib berishimni so‘radi, men esa “Yo‘q, ukajon, vaqtim yo‘q”, deb javob berdim. U ketgach, stolga o‘tirishim bilanoq ilhom keldi, o‘sha kechasi “Shahrisabz” she’rini yozib, u turgan mehmonxonaga uzatdim. Tonggi soat to‘rtda esa u qo‘ng‘iroq qilib, konsertni sizni qo‘shig‘ingiz bilan boshlaymiz, albatta keling, dedi. Shunday bo‘ldi, keyinchalik “Shahrisabz” qo‘shig‘i o‘sha paytda Sovet Ittifoqining barcha shaharlarida yangray boshladi.
Jahon chempioni Anatoliy Karpov Samarqandga kelganida ham yetakchilardan biri sifatida uni qabul qilishimga to‘g‘ri keldi va u qo‘shiqni men yozganimni bilib olgach, “Shahrisabz” sharqona ertak, xalq ertagi, deb o‘ylab yurganini aytib hayratini yashirmadi. O‘shanda qo‘shiq barcha shaharlarda, konsertlarda, raqs maydonlarida aytilar, menga Sovet ittifoqining 90 ta shahridan gonorar yuborilardi.
Ko‘p o‘tmay, Sharof Rashidov meni Samarqand viloyati partiya qo‘mitasining ikkinchi kotibligiga ishga tayinladi (Buning tarixini birozdan keyin batafsil yozaman). Bu yerda ishlab yurgan paytlarimda samarqandliklar Samarqand haqida qo‘shiq yozishimni tez-tez so‘rashar, men esa bu ishni orqaga surib qo‘yardim. Hatto bir kuni partiya Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi Usmonxo‘jayev ham menga “Berezikov, siz Samarqandda yashaysiz-ku, Samarqand haqida qo‘shiq yozsangiz bo‘lardi”, deb aytdi. Kunlarning birida mashinada qayoqqadir ketayotib, ko‘zim gumbazlarga tushdi va shu zahotiyoq xayolimga “Kupola, kupola, golubie kupola Samarkanda” (“Samarqandning gumbazlari, ko‘m-ko‘k gumbazlari”) misralari keldi. She’rni yozib, Farrux Zokirovga yubordim, bir yarim oydan keyin qo‘shiq tayyor bo‘ldi.
Xullas, Samarqandga ishga o‘tishim Kislovodskda dam olayotgan paytimdagi ikkinchi kitob ustida ishlayotgan paytda bo‘lgan edi. O‘shanda sanatoriyning bosh shifokori hovliqib yugurib kelib “Yevgeniy Yefimovich, sizni telefonga taklif qilishyapti, Sharof Rashidov qo‘ng‘iroq qilar ekan”, dedi. Rashidov hech qachon sanatoriyga qo‘ng‘iroq qilmagan ekan, men belgilangan vaqtda kelib go‘shakni oldim va Sharof Rashidovning “Markaziy Komitet byurosi sizni Samarqand viloyat partiya qo‘mitasining ikkinchi kotibligiga saylashga qaror qildi”, deganini eshitdim.
Men har tomonlama qarshilik ko‘rsata boshladim:
- Sharof aka, iltimos, Xudo haqi, meni Shahrisabzdan hech qayerga qo‘zg‘atmang, hozirgina aeroport qurdik, shahar tartibga kelyapti, hali qilmoqchi bo‘lgan ishlarim ko‘p, Oqsaroyni qayta tiklamoqchiman.
Sharof aka esa “G‘aroyib odam ekansiz, hatto buyuk Temur ham Shahrisabzdan Samarqandga ko‘chib kelgan”, dedi. Shu so‘zlari bilan bu masalaga nuqta qo‘yildi. Shuningdek, menga to‘rtinchi kuni Andropov bilan suhbatdan o‘tish uchun Moskvaga borishim kerakligi aytildi.
Suhbatdan o‘tib, Toshkentga uchib keldim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sh.Rashidovning “Yak-40” samolyotida partiya Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi Leonid Ivanovich Grekov bilan birga Samarqandga uchib keldik.
Sh.Rashidov Samarqandga kelganida “Berezikov, bilasizmi, etnografiya institutida 200 kishi ishlaydi, siz ular qilolmagan ishni qilib, “O‘zbekiston afsonalari va sirlari» kitobini yozdingiz, bu mo‘’jiza, keyingisi «Turkistonning muqaddas siymolari» kitobi bo‘ldi”, dedi. Keyin u menga: men maqtash uchun aytmayman, bu bor gap, Berezikov, faqat siz, buyuk Temur haqida kitob yozishingiz mumkin, dedi. Men o‘shanda tayyor emas edim, lekin sezdimki, bu gapni u qistov bilan aytdi. Bir oy o‘tgach, Samarqandga maxsus pochta orqali 600 yil oldin yozilgan 1950 sahifadan iborat Amir Temurning tarjimai holi tasvirlangan Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si yuborildi.
Bu kitobni qo‘lga olganim bilanoq Amir Temur haqida kitob yoza boshlashim kerakligini angladim. 1994 yilda “Buyuk Temur” kitobi O‘zbekistonda rus tilida 35 ming nusxada, so‘ngra o‘zbek tilida 15 ming nusxadan ikki marta nashr etildi.
Bir kuni uydagi telefon jiringladi. Telefonning u tomonidagi suhbatdoshim “Men Shavkat Mirziyoyevman, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiman. "Buyuk Temur" kitobingizni o‘qidim, siz bilan uchrashib, suhbatlashishni xohlayapman”, dedi. Uchrashib, 1,5-2 soat atrofida suhbatlashdik. Suhbatdoshim kitobni e’tibor bilan o‘qib chiqqanligini, bir muddat o‘sha "aurada yashagan"ni aytdi. Men qarshimda savodli, ziyoli, rostgo‘y, yuzi va ko‘zlari tiniq insonni ko‘rdim. Biz xayrlashayotganimizda mendan do‘stlari uchun 100 nusxa kitob berishimni so‘radi, pulini ham to‘ladi va qo‘shib qo‘ydi: “Yevgeniy Yefimovich, kitobingizning ikkinchi jildini kutib qolaman!”.
Men bugungi kunda u kishining iltimosini bajaryapman - "Buyuk Temur" asarining ikkinchi kitobi ustida ishlayapman. Axir, bu roman dunyoning eng buyuk insoni, ajoyib sarkardasi Amir Temur haqida. U Iskandar Zulqarnayn, Chingizxondek minglab janglarda qatnashgan, birortasida ham mag‘lub bo‘lmasdan, dunyoning 26 davlatini zabt etgan. Qolaversa, Amir Temur Samarqandni loydan qabul qilib, Sharqning go‘zal, ajoyib marvaridiga aylantira olgan. Tag‘in, Registon Amerika kashf etilishidan 40 yil oldin yaratilgan. Amir Temur dunyoning turli burchaklaridan ustalarni to‘plab, uning o‘zbek xalqining donishmandlik gavharidek yarqirab turishi uchun tamal toshini qo‘ygan... Ana shularni o‘ylarkanman, shu kunlarda Sohibqiron haqidagi romanimni o‘zgacha ruh bilan yozyapman va bu holatdan chiqishni xohlamayapman.
Yevgeniy Berezikov,
yozuvchi va olim.