Dam olish kunlari sayohatga chiqmoqchi bo‘lganlar uchun muhim qoidalar

Mamlakatda karantin va undan keyingi davrda fuqarolarning respublika bo‘ylab sayohat qilishlari yuzasidan vaqtinchalik tartibga ko‘ra:

Sayohat davomida:

- jamoat joylari va turizm namoyishi ob’yektlarida niqob taqish qoidalariga qat’iy rioya qilish;

- odamlar ko‘p to‘planadigan jamoat joylariga tashrifni imkon qadar rejalashtirmaslik;

- ijtimoiy masofalanish (ikki metrlik oraliq masofa) qoidalariga qat’iy rioya qilish;

- qo‘llarni tez-tez sovun bilan yuvish (ayniqsa, jamoat joylarida). Agar suvda qo‘llarni tez-tez yuvish imkoniyati bo‘lmasa, tarkibida spirt miqdori 70 foizdan kam bo‘lmagan antiseptik vositalar yordamida dezinfeksiya qilish;

- jamoat joylari va turizm namoyishi ob’yektlarida begona idishlardan foydalanmaslik;

- sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanilganda qo‘llarni sovun bilan kamida 20 soniya davomida yuvish;

- sayohat davomida koronavirus infeksiyasi alomatlari (bosh og‘rig‘i, tomoq og‘rig‘i, tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik va boshqalar) paydo bo‘lganda, o‘zini o‘zi yakkalagan holda tibbiyot muassasalariga murojaat qilish talab etiladi.

Aeroport va temir yo‘l vokzallari, avtoturargohlar hududlari, chiptaxonalar hamda nazoratdan o‘tkazish punktlarida:

- avia va temir yo‘l qatnovlariga chiptalarni onlayn tarzda sotib olish kerak;

- aeroport va temir yo‘l vokzallari hududi, nazoratdan o‘tkazish punktlarida hamda havo va temir yo‘l transportlarida bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplarda bo‘lish zarur;

- aeroport va temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlash hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanish talab etiladi;

- aeroport va temir yo‘l vokzallari hududida joylashgan valyuta ayriboshlash shoxobchalari (terminallar)dan foydalanishdan oldin va so‘ng qo‘llarni dezinfeksiyalash talab etiladi.

Joylashtirish vositalari (xostellar bundan mustasno):

- joylashtirish vositalari (qabulxona, kutish zallari, yo‘laklar, zinalarda) xodimlari bilan muloqot qilishda ijtimoiy masofani saqlash shart;

- umumiy foydalanishdagi buyumlardan (eshik tutqichi, lift tugmalari, kutish zalidagi stol, ro‘yxatga olish joyi stoykasi va undagi ruchkalar) foydalanishdan oldin va keyin ko‘llarni dezinfeksiyalash talab etiladi;

- joylashtirish vositasida bo‘lish vaqtida koronavirus infeksiyasi alomatlari (bosh og‘rig‘i, tomoq og‘rig‘i, tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik va boshqalar) paydo bo‘lganda, joylashtirish vositasi xodimiga (qabulxonaga) murojaat qilish va xonani tark etmaslik talab etiladi;

- joylashtirish vositalarida fuqarolar alohida, bir-biridan ajratilgan holda (har bir oplata bir xona talabiga rioya etgan holda) joylashtiriladi;

- xonaning har kuni kamida ikki marotaba shamollatilishini va dezinfeksiya qilinishini nazorat qilib borish tavsiya etiladi;

- nonushta, tushlik va kechki ovqatning xonaga yetkazib berishlarini talab qilish va xonada tanovul qilish lozim;

- turizm namoyishi ob’yektlari (moddiy-madaniy meros ob’yektlari, muzey va teatrlar, tabiat va istirohat bog‘lari, sayyohlarda qiziqish uyg‘otadigan boshqa ob’yektlar)ga kirish chiptalarini oldindan bron qilgan holda, onlayn xarid qilish imkoniyati mavjudligini aniqlash va imkon qadar onlayn xarid qilish lozim;

- tashrif vaqtida ob’yektlarning xodimlari, gid va ekskursiya yetakchilari bilan muloqot qilishda ijtimoiy masofani saqlash shart;

- nakd pul orqali to‘lovlarni imkon qadar amalga oshirmaslik kerak;

- tashrif davomida ob’yekt ichidagi va hududidagi narsa-buyumlarni qo‘l bilan ushlamaslik, xarid qilingan buyum va suvenirlarni antiseptik vositalar bilan tozalash lozim;

- ob’yektlarga kirish va undan chiqqanda qo‘llarni dezinfeksiyalash talab etiladi.

Umumiy ovqatlanish shoxobchalarida:

- xodimlar bilan muloqot qilishda ijtimoiy masofani saqlash shart;

- ovqat tanovul qilishdan oldin va keyin qo‘llarni suvda yuvish va bir martalik qog‘oz sochiq yoki elektron quritgichda quritish talab etiladi;

- har bir stol 2 metrdan kam bo‘lmagan masofada joylashtirilganligiga e’tibor berish. Bunda, stol atrofida ijtimoiy masofani saqlagan holda shaxmat usulida o‘tirish lozim.

Bozor va savdo majmualarida:

- dezinfeksiya tunneli mavjud bo‘lgan bozor va savdo majmualariga kirish lozim;

- bozor va savdo majmualariga kirishda ijtimoiy masofa talablariga e’tibor bergan holda niqob va qo‘lqoplar taqilgan bo‘lishi kerak;

- mahsulotni sotib olishda yaroqlilik muddatiga alohida e’tibor berish tavsiya etiladi;

- xaridni amalga oshirib, turar joyga qaytgach, mahsulotlarni yaxshilab dezinfeksiya qilish talab etiladi.