Darmondorilar qiroli: Nima uchun har bir xonadonda anor daraxti bo‘lishi kerak?

Anor eng qadimiy mevalardan. U Yaqin va O‘rta Sharqda, qadimgi Rimda ham mashhur bo‘lgan. Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyo anorning vatani hisoblanadi.

Darmondorilar qiroli - anor sharbati yuqori biologik faolligi bilan inson salomatligiga bebaho ta’sir ko‘rsatadi. U qonni tozalab yangilaydi, gemoglobin darajasini oshiradi. Me’da va ovqat hazm qilishni muvofiqlashtiradi,  diareya, shamollash, tonzillit, o‘tkir respiratorli infeksiyalar, astma, diabet, artritda yordam beradi. Anor yoshlik elchisi hamdir. U erta qarishni va Altsgeymer kasalligining rivojlanishini oldini oladi.

Anorning yurak-qon tomir tizimi va qalqonsimon bez faoliyati, qon tarkibini yaxshilash, gemoglobin miqdorini oshirishda xizmati katta. Immunitetni mustahkamlab, viruslar bilan kurashishga yordam beradi. Shifokorlar immunitet tizimini mustahkamlash uchun ha deganda dorixonaga yuguravermasdan darmondorilarning tabiiy manbaasi bo‘lgan anorga murojaat etishni maslahat berishmoqda. Chunki, aslida to‘g‘ri ovqatlanish bilan tanamiz barcha zaruriy oziq moddalarga ega bo‘ladi.

Qadimdan farzandli bo‘lish oldidan erkaklarga anor sharbatini ichish tavsiya etiladi. Bu sharbat quvvatni oshiradi, deb hisoblashgan.

Anor va anor sharbati kimlarga tavsiya etilmaydi?

Ba’zi hollarda anordan voz kechish kerak bo‘ladi. Erkaklarda  o‘n ikki barmoqli ichak yoki oshqozon yarasida, oshqozonda yuqori kislotalilik kuzatilganda, mevaga allergiya bo‘lganda anor iste’mol etmaslik kerak, deyishadi shifokorlar. Shu kabi, anor sharbati yuqori kislotalikka egaligi bilan tish emaliga ham zararli bo‘lishi mumkin. Uni qaynatilgan suv qo‘shib somoncha orqali ichgan ma’qul.

Salomatlik tilagan kishi kuniga 2 dona anor iste’mol qilish yoki 3 piyola anor sharbati ichish kerak ekan.

B12 darmondorisi qon aylanishini rag‘batlantiradi va potensiya bilan bog‘liq muammolarni hal qiladi. Anorning mevasi bilan birga po‘stlog‘i ham kuchli shifobaxsh xususiyatga ega. Momolarimiz undan shamollash, dizenteriya, stomatit va tomoq og‘rig‘i belgilarini yo‘qotish uchun infuziyalar, damlamalar, kukunlar tayyorlashgan. Anor qobig‘iga asoslangan dori vositalari jigarni tozalaydi va xolesterin miqdorini pasaytiradi.

Anorning, ayniqsa, ayollar menopauza davridagi foydalarini ta’kidlash lozim. Meva tarkibidagi estrogen gormonlar menopauzaning noxush alomatlarini yumshatadi.

Anor kaliy, magniy, kalsiy, temir, natriy, xrom va marganetsga boy. Tarkibidagi taninlar ichak kasalliklari, disbakterioz va diareya bilan kurashishga yordam beradi.

Prostata va ko‘krak saratoni o‘smalarining oldini olib, tushkunlik ta’sirini kamaytiradi, sperma sifatini yaxshilaydi, yurak mushaklarida yog‘  to‘planishining oldini oladi, yurakning normal ishlashini ta’minlaydi.

Xullas, anorni kichik ammo zararsiz "apteka" deyish mumkin. Har bir xonadonda anor bo‘lishi xonadon a’zolari salomatligining muhim manbasi deyish mumkin.

D.Xoliqova tayyorladi.