Darsliklar nafaqat tekin bo‘ladi, balki sifat jihatdan ham to‘liq tanqidiy ko‘rib chiqiladi
Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, maktab darsliklariga oid davlat rahbarining tegishli topshirig‘idan so‘ng, Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov mazkur masala bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgan.
Unda barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo‘yicha Prezident Administratsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas’ul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzilgan.
Hisob palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirligiga 1 oy muddatda darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko‘rib chiqish, davlat buyurtmasi bajarilishining shaffof va samarali tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.