O‘quv yilining yarmi ortda qolyapti, ayrim maktablarga hamon darsliklar kelmadi

Tan olish kerak, yilning yarmiga kelib ham o‘quvchilarning darslik olmagani hech qachon ro‘y bermagan holat. Hatto Senat masalani ko‘tarib chiqib ham muammo hamon muammoligicha turgani achinarli holat, albatta.

Eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘yaturing, farzandlarimizga darsliklarni o‘z vaqtida yetkaza olmayotganimiz menga juda alam qiladi.

Farzandlarim Samarqand shahridagi 81-maktabda tahsil oladi. Odatda ishdan kechroq qaytaman, uyga kirishim bilan meni poylab turgan o‘g‘lim va qizim salom beradiyu basma-bas qo‘limdagi telefonga yopishadi: “Darslarni telegramdan olishimiz kerak”. Ungacha dars qilish ham yo‘q. 

Jarayon achinarli - o‘qituvchi sinf uchun mavjud birgina kitobdan dars o‘tadi, uyga vazifaga berilgan mashq yoki masalani rasm shaklida telegramga qo‘yadi, o‘quvchilar shundan so‘nggina uy ishini bajara oladi. Bu holatda o‘qituvchiga ham, o‘quvchiga ham oson bo‘lmasligi aniq. Endi bir oilada bunday telefon bitta, o‘quvchilar soni ikki yoki uch nafar bo‘lsa holatni tasavvur qilavering. 

Axir internet tezligi haminqadar bo‘lgan bir sharoitda besh yoki olti soat darsning barchasidan uyga vazifani internet orqali olishning o‘zi bo‘lmaydi. Achinarlisi, bir soat dars mavzusini tushunmay qolgan o‘quvchi keyingi o‘tilayotgan mavzularni ham o‘zlashtira olmaydi. Oqibatda unda maktabga, o‘qishga bo‘lgan qiziqish, xohish-istak yo‘qoladi.    

Shusiz ham qariyb ikki yil davom etgan pandemiya sabab maktab o‘quvchilari darslarni o‘zlashtirishda ko‘p qiyinchiliklarga duch keldi. Ba’zan internetning pastligi, ba’zida esa onlayn darslarning yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sezilarli yo‘qotishlarga olib keldi. Bu yil pandemiya biroz chekinib, maktablar faoliyati tiklandi. Afsuski, bugun darslik muammosi 81-maktabda o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-onalarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lyapti.

Sulaymon Asomiddinov.

***

P/s: Maktabdagi darslik muammosini batafsil o‘rganish, maktab yoki xalq ta’limi mutasaddisidan ikki og‘iz ma’lumot olish ham mumkin edi. Ammo allaqachon qilinishi lozim bo‘lgan, biroq shu paytgacha hal etilmagan muammo haqida turli vajlarni eshitishdan kimga foyda?