Darsliklardagi mavzularni bolalar qanday qabul qilyapti? Kitoblarda xato borligi rostmi?
Respublikamizdagi barcha maktablarga yangi avlod darsliklari berildi. Bu o‘quv yilida boshlang‘ich sinflar yangi darsliklar asosida o‘qitilmoqda. Yangi avlod darsliklari haqida ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar tomonidan noroziliklar bildirildi. Kimlardir darslikdan xato topdi, kimdir juda murakkabligini aytdi va hokazo.
Biz ayni shu masalada boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining fikrlari bilan qiziqdik.
Shahzoda ODILOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
- 4-sinflarga dars beryapman. O‘qish savodxonligi va ona tili darsligining alohida o‘tilayotgani yaxshi bo‘ldi. Ikkala darslik ham bolalar tushunadigan tarzda, sodda, oson yozilgan. Ona tilida endi qoidalar berilmaydi deyishgandi, aksincha ot, sifat, son, so‘z turkumlari haqida alohida mavzular berilgan. Ushbu darsliklarni bolalar qiynalmasdan o‘zlashtiryapti, faqat matematika fani biroz murakkab tuzilgan. Shuningdek, matematika darsligidagi mashqlarni dars davomida ishlab ulgurolmayapmiz. Qo‘shimcha darsdan keyin to‘garak o‘tay desam, maktabda sharoit yo‘q, sinflar yetishmaydi. Shuning uchun qolib ketayotgan mashqlarni bolalar bilan kechqurun telegramda chat orqali birgalikda yechyapmiz. Buni menga hech kim aytgani yoki buning uchun qo‘shimcha ish haqi to‘layotgani yo‘q. Vijdonim qiynalganidan shunday qilyapman. Darsda matematikadan 10-11 ta mashq ishlasak, qolganini chat orqali yechyapmiz, ya’ni kitobda berilgan mashqlarning barchasini ishlashga harakat qilyapmiz.
Tabiiy fan darsligi ham qiyin emas, bolalar yaxshi o‘zlashtiryapti. Ingliz va rus tilidan boshqa o‘qituvchi dars o‘tadi. Rus tili fani o‘qituvchisi darslik murakkab ekanini aytmoqda.
Darslikdagi xatolarga kelsak, ko‘proq matematika fanida qo‘shish (+) o‘rniga ayirish (-) berilgan holatlarga duch kelyapmiz.
Yangi avlod darsliklari haqiqatda murakkab tuzilgan. Bolalar yangi avlod darsliklariga tayyor bo‘lishi uchun ularga bog‘chadan fikrlashga o‘rgatadigan mashqlar o‘tilishi kerak. To‘g‘ri, bu darslik xorijiy tajribalar asosida tayyorlangan. Ammo chet elliklar bolaga uch yoshidan, ya’ni bog‘chadan ta’lim-tarbiya berishni boshlaydi. Qishloq sharoitida hamma bola ham bog‘chaga bormaydi. Bog‘chaga bormagan bola 1-sinfdan bunday darslarni o‘zlashtirib ketishi qiyin.
Shuningdek, ota-onalar ham kechqurun bolasi bilan shug‘ullanishi, birgalikda dars tayyorlashi lozim. Farzandining darslarini tekshiradigan ota-onalarning bolasi darsga tayyor bo‘lib keladi. Hatto ba’zilar o‘tiladigan darsni oldindan o‘qib keladi. Ota-onasi serial ko‘rish bilan mashg‘ul bolalar esa chala-chulpa dars qiladi.
Bu yilgi darsliklar har chorak uchun alohida chiqarilgan. Kitoblar choraklik boshlanganidan bir hafta o‘tib, kechikib kelyapti. Bu ham bolalarga qiyinchilik tug‘diryapti. To darslik yetib kelguniga qadar biz kitobning elektron nusxasidan foydalanishga majbur bo‘lyapmiz.
Gulchehra ERGAShEVA, Toyloq tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
- Birinchi sinflarga dars beraman. O‘quvchilarimning deyarli barchasi bog‘chaga borgan, faqat ikki nafari bormagan. Ular ham darslarni yaxshi o‘zlashtiryapti. Boshida darslarda qiynalmadim, darsliklar juda yaxshi, oson tuzilgan ekan. Ammo uchinchi choraklikning darsliklari kelgach, matematika fani biroz murakkab tuzilganiga guvoh bo‘ldim. Endi bolalarga qo‘shimcha darslar o‘tyapman, darslarni o‘zlashtira olmayotgan bolalar bilan darsdan keyin alohida shug‘ullanyapman. Yangi avlod darsligidagi mavzularni bolalarga to‘liq yetkazib berishim uchun o‘z ustimda ishlayapman. Ba’zi bolalar matematikadan uyga vazifani ota-onasi ko‘magisiz mustaqil ishlay olmayapti. Yaqinda uchinchi sinfda o‘qiydigan jiyanimning matematikasini onasi yechib berayotganini ko‘rib, tanbeh berdim. Qarindoshim “Nima qilay, bolamning o‘zi matematikani ishlay olmasa”, dedi. Eski darsliklarning afzalligi shunda ediki, undagi mashq va masalalarni bolalarning o‘zi mustaqil ishlay olardi.
Darsliklarda ba’zi xatolarga ham duch kelyapmiz. Masalan, «Alifbo» kitobida «L» harfi berilmagan. Shunday bo‘lsa-da, bu harfni o‘tyapmiz. Ona tili darsligida topishmoqning javobi tarvuz bo‘lib, unga oltita katak qo‘yilishi kerak. Kitobda esa beshta katak berilgan.
Dilfuza ISOQOVA, Samarqand shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
- Ikki yil o‘qish savodxonligi va ona tili fani boshlang‘ich sinflarga bitta qilib o‘tildi. Bu yil ushbu fanlar alohida o‘qitilyapti va bularga alohida darsliklar chop etilgan. Mana bu o‘qituvchilar uchun ham, o‘quvchilar uchun ham juda qulay bo‘ldi. O‘qish savodxonligida mantlar oson tuzilgan, bir-biridan qiziq savollar, boshqotirmalar berilgani bizga ma’qul. Ikkinchi va uchinchi sinflarning o‘tgan yilgi ona tili fanida qoidalar yo‘q edi. Bu yilgi yangi avlod darsliklarida qoidalar berilgan. Aslida qoidasiz ona tilini tushuntirish qiyin. Mana shu muammoning oldi olingani juda yaxshi bo‘libdi. Ammo matematika fani biroz murakkab.
Bu yil to‘rtinchi sinflarga dars beryapman. O‘quv yili boshida o‘quvchilar matematika yechishga qiynaldi. Sababi o‘tgan yilgi matematika darsligi juda oson edi. Matematikadagi mashq va masalalar o‘quvchini ijodiy fikrlashga o‘rgatadi, shunisi bilan boshida bizga qiyindek tuyuldi. Endi esa hammasi iziga tushdi. Aslida yangi avlod darsliklari birinchi sinfdan o‘qitilib borilsa, to‘rtinchi sinfda o‘quvchilar qiynalmaydi.
Tabiiy fanlar darsligi ham o‘quvchilarni o‘ziga jalb qiladi, undagi mavzular bolalar uchun qiziqarli yoritilgan.
***
Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinadiki, yangi avlod darsliklaridagi xatolar tuzatilib, vaqtida maktablarga yetkazilsa, bog‘cha yoshidanoq bolalarga ijodiy fikrlash o‘rgatilsa, boshqa muammoga o‘rin qolmaydi.
Xurshida ERNAZAROVA tayyorladi.