Sotuvda bor, maktabda yo‘q yoxud boshlang‘ich sinflarga bepul ovqat, yangi avlod darsliklari berildimi?
Prezidentimiz 2023 yil 28 fevralda “2022-2023-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonini imzolagan edi. Unda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlarida va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Bu haqda Prezidentimiz bir necha bor chiqishlarida ham ma’lum qilgandi. Xo‘sh, bugun maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilyaptimi?
Ushbu masala yuzasidan Samarqand shahridagi 45-, Samarqand tumanidagi 10- va 16-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bo‘ldik. Biroq ushbu maktablarda hali boshlang‘ich sinflarga bepul ovqat berilmayotgan ekan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan bog‘landik. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilishi uchun Vazirlar Mahkamasining qarori chiqishi kerak ekan. Ammo hanuzgacha bu haqda hech qanday buyruq, qaror yoki topshiriq berilmabdi. Viloyat bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinflarga bepul ovqat berish yo‘lga qo‘yilmagan.
Maktablarga yangi darsliklar to‘liq yetib bordimi?
Biz yuqorida nomlari keltirilgan maktablarda yangi avlod darsliklari haqida ham surishtirdik. Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahridagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1-sinflar uchun alifbe, matematika, tabiiy fanlar, musiqiy savodxonlik, tasviriy san’at, tarbiya, texnologiya, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan yangi darsliklar va mashq daftarlari kelgan. Ingliz tilidan esa hali darslik berilmagan.
2-sinflar uchun matematika va musiqa, 3- va 4-sinflar uchun matematika, o‘zbek tili darsliklari, o‘qish daftari kelgan, xolos. Qolgan fanlardan yangi avlod darsliklari kelmagan. Maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga eski darsliklar berilgan.
Maktabda jami o‘quvchilar soni 2295 nafarni, maktab koeffitsiyenti 1,8 foizni tashkil qiladi. Yangi o‘quv yilida 1-sinfga 175 nafar bola qabul qilingan. Har bir sinfda 35 nafardan o‘quvchi o‘qimoqda.
Samarqand tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 1-sinflar uchun birinchi choraklikka mo‘ljallangan 14 jamlanma darslik berilgan. Darsliklar og‘irlashib ketmasligi uchun har chorakka alohida kitob chiqarilgan. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi choraklik uchun yangi avlod darsliklari hali yetib kelmagan. Shuningdek, 1-sinflarga ingliz tili darsligi ham berilmagan.
2-sinflarga matematika, o‘qish, tasviriy san’at darsliklari va tabiiy fan, jismoniy tarbiya fanlarining daftarlari kelgan bo‘lsa, 3-sinflarga matematika, tabiiy fan darsliklari berilgan, xolos. 4-sinflar uchun esa matematika, ona tili darsliklarining birinchi qismi va o‘qish savodxonligi darsligi kelgan. Ushbu maktabda ham bolalar eski darsliklar asosida ta’lim olyapti. Bundan tashqari, 8-sinf rus guruhlariga komplekt darsliklar yetishmayapti.
Ayni kunda 3085 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan ushbu maktab quvvati 2,7 foiz koeffitsiyentga ega. Maktab direktori Xolida Shamsiddinovaning aytishicha, maktab hovlisidan 780 o‘rinli uch qavatli qo‘shimcha bino qurilyapti. Rejaga ko‘ra, joriy yil oktyabr oyi oxirida foydalanishga topshirilar ekan. Shunda maktab quvvati 1,7 foiz koeffitsiyentga tushadi. Joriy yilda maktab 1-sinfiga 357 nafar bola qabul qilingan.
Samarqand tumanidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 1-sinflar uchun o‘zbek va rus guruhlariga yuqoridagi singari birinchi choraklikka mo‘ljallangan yangi avlod darsliklari kelgan. O‘zbek guruhlar uchun 2-, 3-, 4-sinflarga atigi matematika, o‘qish, jismoniy tarbiya, tabiiy fan, tasviriy san’at darsliklari berilgan. 2-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan rus guruhlariga umuman yangi avlod darsliklari kelmagan. Ushbu maktabga yangi o‘quv yilida 344 nafar bola 1-sinfga qabul qilingan. Maktab quvvati 1,6 foiz koeffitsiyentga ega bo‘lib, jami 2009 nafar bola ta’lim olmoqda.
Sifatli ta’lim yilida yangi avlod darsliklari maktablarga to‘liq yetib kelmaganligining sababi nimada? Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining maktablarni kitoblar bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ul xodimi Bahodir Norqo‘ziyevdan izoh so‘radik. Mas’ul xodim yangi avlod darsliklarining faqat birinchi choraklik uchun chop etilgani kelganini, umumiy hisobda yomon natija ko‘rsatishini aytib, bu haqda ma’lumot berishni istamadi.
Nega maktabda yo‘q darsliklar do‘konlarda sotilyapti?
Ota-onalardan birining aytishicha, 1-sinf ingliz tili darsligi maktablarga berilmagan, ammo kitob do‘konlarida sotilmoqda ekan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand shahri Marmar bozori atrofidagi kitob do‘konlarini ko‘zdan kechirdik. Haqiqatda kitob do‘konlarida 1-sinfdan 4-sinfgacha yangi ingliz tili darsliklari daftari bilan birga 55-60 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Qiziq, maktablarga yetib kelmagan ingliz tili darsligi qanday qilib kitob do‘konlarida sotilyapti? Buning ustiga ushbu darsliklar o‘quvchilarga tekin berilishi, hatto ijara puli olinmasligi aytilgandi. Darslikda yozilishicha, kitob O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining O‘zbekiston barkamollik uchun ta’lim dasturi hamkorligida chop etilgan. Adadi 694306 nusxa bo‘lgan darslik Toshkent shahar, Yunusobod tumani «Kolorpak» MChJ bosmaxonasida chop etilgan. Sotuvchi ushbu darsliklar Toshkentdan keltirilishini aytdi. Ba’zi ota-onalar darsliklarni do‘konlardan sotib olmoqda.
To‘g‘ri, ta’lim uchun sarmoya ajratishga og‘rinmaslik kerak. Ammo avval maktablarga bepul yetkazilishi kerak bo‘lgan darsliklar nega kitob do‘konlarida boru, maktablarga yetib kelmagan? Hatto kitob do‘konida boshqa fanlarga oid darsliklar ham sotilyapti. Darsliklar savdosi ham biznesga aylanib ketdimi?
Yana bir gap: eski darslik asosida dars o‘tayotgan o‘qituvchilar yangi darsliklar keltirilgach, qancha dars o‘tgan bo‘lsa, o‘sha miqdorda darslarni qoldirib, darsini davom ettirishga majbur. Aks holda, o‘quv yili yakuniga qadar yangi darslikdagi mavzularni tugata olmaydi. Ammo yangi darsliklar qachon kelishini ham hech kim bilmaydi. Yanayam achinarlisi, yangi avlod darsliklaridagi mavzular eski darslikdagidan butunlay farq qiladi. Buni ta’lim tizimi rahbarlari va mas’ul xodimlar bilishi va ushbu muammoning oldini olishi kerak edi. Afsus...
Xurshida ERNAZAROVA.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.