Davlat fuqarolik xizmatchilarining ayrimlariga oylik ustama pullari to‘lab berilmagan

Prezidentimizning 2018 yil 19 fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2018 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. Xo‘sh, ushbu normaning amaldagi ijrosi qanday?

Shu savolga javob topish maqsadida bir qator vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda o‘tkazilgan monitoring natijalari ayrim idora va tashkilotlar tomonidan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatdi.

Jumladan, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi tomonidan boshqarmadagi zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimiga 2019 yil davomida 5 026,1 ming so‘m va 2020 yil yanvar-mart oylari davomida 1 456,6 ming so‘m ustama to‘lovlari to‘lab berilmagan.

Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy boshqarmasi boshlig‘i nomiga taqdimnoma kiritildi. Natijada axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimiga 2021 yil 1 yanvardan boshlab byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan lavozim maoshining 100 foizdan kam bo‘lmagan har oylik ustama to‘lovlari to‘lab berilishi to‘g‘risida boshqarma boshlig‘ining tegishli buyrug‘i qabul qilinib, masala ijobiy hal etildi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni 8-bandiga asosan Davlat boshqaruvi akademiyasining magistraturasida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan, davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining boshqaruv lavozimlarida o‘z mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarga 5 yil mobaynida lavozim maoshining 20 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik ustama to‘lab berilishi belgilangan.

Mazkur norma ijrosi yuzasidan ham Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining magistraturasini tamomlagan va hozirgi kunda Samarqand viloyatidagi idora va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 8 nafar bitiruvchiga yuqorida qayd etilgan har oylik ustama to‘lovlari to‘lab berilishi ahvolini o‘rgandi.

O‘rganishlarda ayrim idoralarda ustama to‘lovlari to‘lanmasdan kelinganligi aniqlandi. Jumladan, 8 nafar bitiruvchidan 2 nafarigagina belgilangan har oylik ustama pul mablag‘lari to‘lab berilgan, xolos. Biroq qolgan 6 nafar bitiruvchiga oxirgi ishlab turgan joylaridan o‘rtacha hisobda 22 million so‘mdan ortiq ustama pul mablag‘lari to‘lanmagan.

Yuqorida qayd etilgan qonunbuzilishlarini bartaraf etish va to‘lab berilmagan ustama to‘lovlarini to‘latib berishni tashkil etish maqsadida 6 ta tashkilot rahbarlari nomiga taqdimnomalar kiritildi.

Sh.Azimov,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali bosh inspektori.