“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonunni qabul qilishdan maqsad nima?

Bugungi kunda yurtimizda davlat  fuqarolik xizmatiga kirish, xizmatni o‘tash va tugatish mexanizmlari, davlat xizmatchilari kim ekanligi, ularning maqomi, ijtimoiy va huquqiy himoyasini belgilovchi yagona qonun mavjud emas.

Shundan kelib chiqib, agentligimiz “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqdi va loyihani jamoatchilik muhokamasi uchun O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portali (regulation.gov.uz)ga joylashtirdi.

Mazkur qonun loyihasi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, ularning kasbga oid sifatlari, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarini tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbga layoqatliligi va professionalligini oshirishda shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ta’kidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmatiga kirish qoidalarining tartibi dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud. Bolgariya, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Polsha, Rossiya, Fransiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunlarida xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, davlat xizmatchilari faoliyatini baholash, davlat xizmatida o‘sish, boshqa davlat lavozimiga o‘tish, mehnatiga haq to‘lash, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqti va mehnat ta’tillari keng tartibga solingan. Xususan, Janubiy Yevropa (Germaniya, Fransiya, Niderlandiya va boshqalar) hamda Sharqiy Osiyo (Yaponiya) mamlakatlarining davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunlarida davlat xizmatiga kirish tartibi batafsil yoritilgan.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi, davlat fuqarolik xizmatida malakali kadrlarni shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va ularni mansab pog‘onalarida barqaror ko‘tarilishi, davlat organi va tashkilotlarining sifatli va samarali ishlashini ta’minlash hamda tashkil etishga xizmat qiladi.

Davlat fuqarolik xizmatini huquqiy bazasini tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatida korrupsiya va boshqa suiiste’molliklarning oldini olish, samarali tanlov tizimini joriy etish va davlat fuqarolik xizmatchilarini kasbga oid sifatlari hamda alohida xizmatlari asosida ko‘tarish, shuningdek ularni malakasini muntazam ravishda oshirish va qayta tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yishga asos bo‘ladi. Shuningdek, barcha darajadagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan huquq, majburiyat va cheklovlarning yagona tizimini ishlab chiqish, davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga oid yagona tizimini yaratishga olib keladi.

A.Abdullayev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali yetakchi inspektori.