Davlat mehnat inspeksiyasi qurilish-pudrat tashkilotlari rahbarlarini ogohlantiradi
Samarqand viloyatida qurilish olib borayotgan hamda hozirgi kunda qurilish ob’yektlarini qurish bo‘yicha tanlovda ishtirok etayotgan barcha qurilish-pudrat tashkilotlari rahbarlari diqqatiga!
Prezidentimizning 2020 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 noyabrdagi “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan. Ushbu nizomda mehnat va mehnat muhofazasi bo‘yicha qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Sizdan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda reytingini yuritishda, qurilish tashkilotingizda ishlovchilar bilan to‘liq mehnat shartnomalari tuzishingizni, ular haqidagi ma’lumotlarni “YaMMT” tizimiga to‘liq kiritishni, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ishlarni to‘g‘ri tashkil qilishni, bu borada ishchi xodimlarni o‘qitib, bilimlarini tekshirishni, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazib, davlat ekspertiza xulosasini olishni, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni, “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha muhandis lavozimi” joriy qilib, ushbu lavozimga oliy texnik ma’lumotga ega shaxsni tayinlashni, belgilangan tartibda suhbatdan o‘tkazish Davlat mehnat inspeksiyasiga yuborishni, suhbat yakuni bo‘yicha Respublika malaka oshirish kurslarida o‘qitib, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha malaka sertifikatiga ega bo‘lish talab etiladi.
Siz tomoningizdan bu borada amalga oshirilgan ishlar ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida nizolarni hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini oladi.
J.AZIMOV,
Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i.