Davlat muzeylariga soat 22:00 gacha xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi
Prezidentning 27 iyun kuni «Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 iyuldan:
➖ davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi;
➖zaruratga ko‘ra, davlat muzeylari tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;
➖pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi;
➖ davlat muzeylariga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.
Davlat tashkilotlari va muassasalari o‘zlari ishlab chiqarayotgan yangi turdagi muhim mahsulotlardan namunalarni davlat muzeylariga bepul beradi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan «Milliy merosga mening hissam!» umumxalq aksiyasi tashkil etiladi.
«Moziyga sayohat» dasturi doirasida, jumladan:
➖ «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;
➖ «Daftar»larga kiritilgan fuqarolarning temir yo‘l chiptalari hamda joylashtirish vositalarida turish xarajatlari to‘liq hajmda tegishlicha «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan qoplanadi.