Davlat stipendiyasi sohibi veterinariya klinikasi ochmoqchi

Odatda qishloqlik bolalarning ruhiyatida tabiatga, jonivorlarga muhabbat boshqacharoq bo‘ladi. Ular tabiatni   yaqindan ko‘rib, his qilib ulg‘ayadi. Shaharliklarda esa bu imkoniyatlar biroz cheklangan. Ota-onalar uyda jonivorlarni boqishga aksariyat hollarda ruxsat berishmaydi.

Samarqand shahrining qoq markazida, ziyolilar xonadonida ulg‘aygan Temur Ortiqovda esa hammasi biroz boshqacharoq bo‘lgandi. Bolaligidan uyida it ham, mushuk ham, to‘tiqush ham boqqan.

So‘ng qiziqishlar maqsadga, maqsad esa qat’iyatga aylandi. Bugun Samarqand veterinariya meditsinasi institutining veterinariya  profilaktikasi va davolash fakultetida tahsil olayotgan bilimdon bu talaba 2019-2020 o‘quv yili uchun Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

Ona tilidan tashqari, ingliz, rus tillarini mukammal egallagan  Temur joriy yilning mart-iyun oylarida institutning yaqin hamkorlaridan biri bo‘lgan Belorussiyaning Vitebsk veterinariya meditsinasi akademiyasida ta’lim olib qaytdi.

- U yerda o‘tgan 4 oylik ta’lim hayotimda muhim o‘rin tutadi, - deydi  T.Ortiqov. - Bu yerdagi ustozlarim - dotsentlar Mavlon Safarov, Baxtiyor Narziyev, veterinariya fanlari doktori Hakim Niyozovlarning ta’lim-tarbiyasi asosida Belorussiyada bir nechta xalqaro tadbirlarda qatnashdim. «Xorijlik talabalarning Belorussiya ta’lim tizimidagi o‘rni va roli» mavzusidagi ilmiy konferensiyada qorako‘lchilik sohasi va uni rivojlantirish bilan bog‘liq ilmiy ma’ruzam bilan ishtirok etdim. Xalqaro talabalar olimpiadasida qatnashib, 2-darajali diplom bilan taqdirlandim. Buning uchun institutdagi barcha ustozlarimdan minnatdorman. Kelajakda magistratura ta’lim yo‘nalishini xorijda o‘qib, Samarqandda veterinariya klinikasi ochmoqchiman.

Gulchehra BERDIYoROVA.