Davlat xavfsizlik xizmati "yer sotuvchi" firibgarlar "ishi"ga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida firibgarlik bilan bog‘liq noqonuniy holatga chek qo‘yildi.

Xususan, xorijdan avtomashinalar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanuvchi, Toshkent shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan fermer xo‘jalik rahbari bilan kelishgan holda, o‘zganing ishonchiga kiradi va mazkur xo‘jalikning 16,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 600 ming AQSh dollari talab qiladi. Shuningdek, ular bu ishga 1987 yilda tug‘ilgan shaxsni ham jalb qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular so‘ralgan pulni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

***

Toshkent shahrida yashovchi, 1963 va 1975 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning ishonchiga kirib, unga “kovrak” o‘simligi yetishtirishi uchun Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berishlarini aytib, evaziga 300 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Qarshi shahrida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxslar so‘ralgan pulni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida ular ushbu noqonuniy ishni o‘zini go‘yoki O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi inspektori deb tanishtirgan, 1988 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qilib, aslida xonandalik bilan shug‘ullanuvchi, muqaddam sudlangan shaxs bilan 80 ming AQSh dollari evaziga hal qilishga o‘zaro kelishib olganliklari ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davom ettirilib, Toshkent shahrida dastlabki 24 ming AQSh dollarini olgan vaqtida u ham ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.