Davlatlarni birlashtirgan ko‘priklar
To‘sin yo simto‘rlar davlatlar hududining chegaralarini belgilash uchun kerak. Ko‘priklar-chi? Ular tabiat ajratib qo‘ygan qirg‘oqlar, shaharlar va bog‘larni bog‘laydi. Mabodo ko‘prik chegara vazifasini bajaradigan bo‘lsa, u bir-biridan ajralmas mamlakatlar va xalqlarni bir-biriga bog‘lab, ular o‘rtasidagi sayohat va savdo-sotiqni bir necha barobar yengillashtiradi. Dunyoda bunday ko‘priklar juda ko‘p, bugun o‘z tarixiga ega eng mashhur ko‘priklar haqida ma’lumot beramiz.
Daniya – Shvetsiya
Daniya va Shvetsiya qirg‘oqlarini bog‘laydigan Eresunn ko‘prigi. Bu ko‘prik nafaqat dizayni tufayli butun dunyoga mashhur, balki uning muhandislik yechimi ham e’tiborga loyiq. Yevropadagi eng uzun sakkiz kilometrlik ko‘prik Shvetsiya qirg‘og‘idan boshlanib, Eresunn bo‘g‘ozigacha joylashgan Daniyaning sun’iy Peberxolm oroliga olib boradi. Shundan so‘ng u Daniya aeroporti yaqinida tugaydigan to‘rt kilometrlik suv osti tunneliga o‘tadi.
Ushbu ko‘prik dizayn tuzilishi kemalarning bo‘g‘ozdan o‘tishi va samolyotlarning erkin qo‘nishiga xalaqit bermaydi.
Gruziya – Ozarbayjon
Bu ko‘prik ehtimol dunyodagi eng qadimiy chegara ko‘prigidir. U haqda hatto XVII asrning qadimgi gruzin kitoblarida qayd etilgan. Bir vaqtlar “Buzilgan ko‘prik” deb atalgan “Xrami” daryosi bo‘ylab qurilgan ko‘prik aslida hech qachon buzilmagan.
Hududga kelgan ruslar u qurilgan g‘ishtning rangiga qarab, uni “Qizil” deb atay boshlagan. O‘rta asrlarda Qizil ko‘prik Tbilisini Ozarbayjonning Ganja shahri bilan bog‘laydigan juda gavjum joy edi. Uning kuchli ustunlari ichida hatto ko‘plab sayohatchi va savdogarlar uchun ikkita karvonsaroy ham jihozlangan.
Hozirda ko‘prikdan foydalanilmaydi, chunki yaqin joyda uning zamonaviy nusxasi qurilgan.
Shimoliy Koreya – Janubiy Koreya
Ikki Koreya to‘g‘risida gap ketganda, bu davlatlar o‘rtasida hech qanday o‘zaro aloqalar haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Ushbu ko‘prik bir necha yillar davomida hech qanday harakatsiz turadi. Kengligi 4 kilometr zona ajratish chiziqlari belgilangan holda deyarli ikkiga bo‘lingan. O‘zining “Qaytarilmas ko‘prik” nomini 1953 yilda Koreya urushi tugaganidan keyin oldi. O‘sha paytda ko‘prikda harbiy asirlarni almashish sodir bo‘lib, ikki tomonga olib kelingan mahbuslarga o‘z vataniga o‘tish yoki asirga olingan yurtda abadiy qolish huquqi berildi. Ko‘prikdan o‘tgan kishi boshqa hech qachon fikrini o‘zgartira olmas edi. 100 ming Shimoliy koreyalik kommunistdan 20 mingga yaqini Janubiy Koreyada qoldi. Ajablanarlisi, 325 nafar Janubiy koreyalik va 21 nafar amerikalik ham shimolni tark etishni istamadi.
Avstriya – Vengriya
Hozirda qurib qolgan Aynzer kanali ustidagi “Ozodlik ko‘prigi” o‘zining qayg‘uli tarixi bilan mashhur. 1956 yilda Vengriyada kommunistik tuzumga qarshi qo‘zg‘olon paytida 180 ming kishi mamlakatni tark etib, G‘arb tomon qochib ketgan. Isyonchilarning oxirgi qochish yo‘li kesib tashlab yog‘och ko‘prik portlatilgan va qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirilgan.
1996 yida ko‘prik asl chizmalar bo‘yicha qayta tiklandi va o‘shandan beri u nafaqat davlat chegarasining bir qismi, balki o‘sha kunlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik ramzi ham bo‘lib qoldi.
Hindiston – Shri-Lanka
Bu ko‘prik shartli ravishda “Odam Ato ko‘prigi” deb hisoblanadi. Olimlar hozirgacha uning qanday paydo bo‘lganligi - inson mehnati mahsuli yoki tektonik faoliyat natijasida yuzaga kelgan hosilalar bo‘lganligi haqida bahslashib kelmoqda. Qanday bo‘lmasin, endi Hindiston va Shri-Lanka o‘rtasidagi bu qumloq sayozlikni hamma “Odam ato ko‘prigi” deb ataydi. Sababi, qadimgi arab afsonasiga ko‘ra, jannatdan haydalgan Otam Ato shu yo‘ldan yurgan ekan.
Boshlanishi Shri-Lankaning Mannar orolidan bo‘lgan va Hindistonning Pamban oroligacha yetadigan nuqta orasidagi masofa 30 kilometrni tashkil qiladi. Ular orasida ikki davlat o‘rtasida teng bo‘lingan 18 ta sayoz orol bor.
Zambiya – Zimbabve
Zambezi daryosi bo‘ylab temir yo‘l ko‘prigi qurish g‘oyasi XX asrning boshlarida paydo bo‘lgan. Ushbu ko‘prikdan o‘tayotgan poyezdlar yo‘lovchilari sharshara suvlari sachrashining his qilishi lozimligini taxmin qilgan bo‘lsa ajabmas. Endi Viktoriya sharsharasi ko‘prigi orqali nafaqat poyezdlar, balki avtomobillar va hatto piyodalar ham o‘tadi. Sayohatchilar ko‘prikniig o‘rtasida to‘xtab, Afrikaning noyob sharsharasi manzaralari va 111 metr balandlikdan oyoqlariga rezina arqon bog‘langan balandlikdan sakraydigan tekturmaslarni kuzatadi. Gap shundaki, ko‘prikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Banji-jamping” sport turi uchun platforma o‘rnatilgan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.