Davron Fayziyev: «Dinamo» — Superliganing jumboq jamoasiga aylanadi"
Bugun Pro-liga ishtirokchisi sifatida "Paxtakor"ga qarshi o‘yinni boshlagan Samarqandning "Dinamo" jamoasi o‘yinni Superliga vakili sifatida yakunladi. Nazorat bahsida "Paxtakor"ga kichik hisobda mag‘lub bo‘lgan "Dinamo" bosh murabbiyi Davron Fayziyev jamoa rasman Superligaga yo‘l olganini o‘yin davomida bildi. Bahs yakuniga yetgach Superliga jamoasi bosh murabbiyini qator savollarga tutdik.
- Qiziq, lekin fakt: "Dinamo" Superligada. Jamoa bunga tayyormi?
- To‘g‘risi, o‘yin paytida telefon qo‘ng‘iroqlari tinmadi. Telefon jiringlayotganida shundan ozgina xavfsiragandim, keyin bilsam barcha birinchi bo‘lib suyunchi olishni istagan ekan. "Dinamo" Superligaga tayyormi? Hozir endi murabbiy tayyor emasman desa, unda futbolchilar o‘ziga ishonmaydi. Demak men superligaga tayyorman. Aslida jamoani biz Pro-liga orqali Superligaga olib chiqishni rejalashtirgandik. Shunga moslab yangi mavsumga taraddud ko‘rayotgandik. Lekin kutilmaganda bunday qaror qabul qilinishi odamni albatta xursand qilmay qolmaydi. O‘ylaymanki, hammasi yaxshilikka.
- Chempionat startiga 10 kundan kam muddat qoldi. Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, "Dinamo"ga Superligada juda qiyin bo‘ladi...
- Bu to‘g‘risida futbol saytlarida, gazetalarda yozishdi, kuzatib turibman. Ko‘pchilikni "Dinamo" Superligaga chiqsa jamoa bunga tayyor bo‘ladimi yoki jon saqlash uchun kurashadimi, degan savol qiynayotgandi. Futbolchilarni qayerda oladi, degan savollar yuzaga kelayotgandi. Men bu maqola va fikrlarni kuzatib, o‘zim uchun xulosa qilib kelayotgandim. Endi hozirda ko‘plab futbolchilar allaqachon o‘z jamoalari bilan shartnoma imzolashgan va yangi klublarida joylashishgan. Biz esa asosan yoshlarga e’tibor qaratamiz. Yangi mavsumda "Dinamo" Superliganing haqiqiy jumboq jamoasiga aylanishi uchun qo‘ldan kelgancha ishlaymiz. Mazkur o‘tkazayotgan yig‘inimiz orqali kam muddat qolgan chempionatga tayyorlanishga harakat qilamiz. O‘rtadagi qisqa muddatdan ham unumli foydalanib qolishga intilamiz. Hozirgacha "Nasaf", "Paxtakor" va boshqa jamoalar bilan nazorat uchrashuvlari o‘tkazishga erishdik. Ayni paytda jamoani mahalliy futbolchilar orqali kuchaytirishni deyarli imkoni yo‘q. Qisqa fursat ichida legionerlar xizmatiga murojaat qilishga urinib ko‘ramiz. Markaziy himoya va hujumda hech bo‘lmasa tajribali legionerga ehtiyoj bor. Hozirgi oldimizda turgan vazifa shulardan iborat. Hali klub rahbariyati bilan gaplashib olganimiz yo‘q. Endi mazkur masalalar bo‘yicha suhbatlashib olamiz. Agarda puldan muammo bo‘lmasa, unda ikkita emas, balki uchta legioner olib kelarmiz. Ko‘ramiz.
- Qisqa fursat ichida Superligaga dosh beradigan jamoani shakllantirish qiyin masala. Klub rahbariyati sizga bu borada vaqt beradimi? Har holda siz Superliga emas, balki Pro-ligaga moslab jamoa tuzayotgandingiz. Mavsum boshlangach natijalar yomonlashsa barcha savol murabbiyga kelib tushadi. Bosim va so‘rovlar aynan sizga qaratiladi.
- To‘g‘ri, natija uchun doim murabbiy javobgar bo‘ladi. Samarqandga borgach klub menejeri Ilhom Sharipov, homiylarimiz va viloyat hokimi bilan uchrashib, siz aytib o‘tgan masalalar bo‘yicha suhbatlashib olamiz. Chempionat startiga 10 kundan kam vaqt qolganida Superligada qatnashish aniq bo‘lishi istalgan Pro-liga jamoasi murabbiyi uchun qiyin. Lekin kasbimiz shu, murabbiyning ishi shunday, yutsangiz yaxshisiz, yutqazsangiz yomon. Lekin mazkur aytib o‘tgan jihatlaringiz, quyidagi masalalar bo‘yicha rahbariyat bilan gaplashib olamiz. Ogohlantirishni bizni vazifa, yakuniy qarorni esa baribir rahbariyat chiqaradi.
- "Dinamo" stadionining maydon holati qay darajada?
- Shuni aniq aytishim mumkinki, maydonimiz holati yaxshi. Bizning maydon hozirgi kunda masalan "Paxtakor", "Nasaf", "Qizilqum" va "Lokomotiv" maydonlari singari sariq maysaga ko‘zingiz tushmaydi. Bundan muammo yo‘q. Tekisligi bo‘yicha ham muammo yo‘q. Faqatgina bitta kamchiligimiz, stadion yoritkichlarida muammo bor. Superligadagi hozirgi talab 1200-1500 lyuks bo‘lsa, bizniki hozirgi holatda 800 lyuks edi. Bu muammoni bartaraf etishga ulgursak, qolgan taraflama muammo yo‘q. Akademiya, baza va hokazolar bo‘yicha ishlarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
- Muhim jihatlardan biri, bu jamoaning moliyaviy holati. Jamoa katta ehtimol yillik smetani Pro-ligaga moslab tuzgan va tasdiqlatgandi. Klubning yillik byudjeti Superliga talablariga qanchalik mos tushadi? Yil davomida moliyaviy taraflama qiyinchiliklar bo‘lmasligiga ishonasizmi?
- Hozir mazkur ko‘targan masalangiz bo‘yicha o‘yindan avval gaplashib turgandik. PFL bizni Superligaga qo‘ydimi, demak o‘z-o‘zidan yillik byudjet ham belgilangandek 25 milliard bo‘lgani tasdiqlangan. Aks holda PFL bizni Superligaga qo‘ymasdi. Har holda men shunday deb tushundim. Bunga qadar esa klubning yillik smetasi Pro-ligaga moslab tasdiqlangandi. Hozirga qadar esa futbolchilar bilan yanvar oyi maoshlari ham hisob-kitob qilingandi. Ayni paytda "Dinamo"da maoshlarni to‘lab berish borasida barqarorlik yuzaga kelgan. Men kelganimdan buyon "Dinamo" futbolchilar oldida qarzdor bo‘lib qolgani yo‘q. Klub bu borada barqaror. Biz futbolchilarga katta maoshlar va’da bermaymiz, lekin bor narsani o‘z vaqtida to‘lab kelamiz. Buyog‘iga Superligada ham moliyaviy taraflama qiyinchilik bo‘lmaydi deb umid qilamiz. Barqarorlikni saqlab qolishga harakat qilamiz.
- Ayni paytda Pro litsenziyasi kurslariga o‘qiyapsiz, to‘g‘rimi? Ya’ni Superligada bosh murabbiy bo‘lib ishlash borasida hech qanday muammo yuzaga kelmadimi?
- To‘g‘ri, hozirda o‘qish jarayoni davom etmoqda. Pro litsenziyasiga o‘qishning to‘rtinchi moduli boshlanish arafasida. Aytishlaricha, o‘qish Ispaniya tizimi asosida davom ettirilmoqda. Noyabrda imtihonlar bo‘ladi. So‘ngra Pro litsenziyani qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘laman. O‘qish jarayoni paytida esa Superligada ishlashga ruxsat beriladi. Xudo xohlasa "Dinamo" Superliganing jumboq jamoasiga aylanadi.
Shahboz Beg‘amov suhbatlashdi.