Dehqon xalq rizqini yaratadi: G‘alla boshoqlashni boshladi, 295 ta kombayn hozirdan o‘rimga tayyor

Dehqonchilikda tanaffus bo‘lmaydi. Buni yurtimizdagi karantin paytidagi dehqonlarimizning mehnatlaridan ham ko‘rsa bo‘ladi. Chunki dehqon xalq rizqini yaratuvchi, elning to‘kinligini ta’minlovchi hamdir. Shu bois g‘allakorlarimiz ham hozirgi sharoitda o‘z mehnati bilan el dardini yengillatish uchun harakat qilishmoqda.

Joriy yilda viloyatimizdagi 4784 ta fermer xo‘jaligi 101 ming 230 gektar maydonda g‘alla parvarishlamoqda. Sinovli kunlarda g‘allakorlarimizning el dasturxonini to‘kin qilish uchun olib borayotgan astoydil mehnati samarasida g‘alla maydonlarida naychalash fazasidan o‘tib, boshoqlash davri boshlandi.

Viloyatimizda g‘alla parvarishi uchun 75,5 ming tonnadan ortiq azotli o‘g‘itlar zaxirasi yaratilib, hozirgacha birinchi va ikkinchi oziqlantirish ishlari to‘liq yakunlandi, maydonlarni uchinchi oziqlantirish ishlari davom ettirilmoqda.

“Agrokimyohimoya” tashkiloti viloyat filiali tomonidan bir yillik va ko‘p yillik ikki pallali, bir yillik boshoqli, zang va boshqa kasalliklar, xasva va boshqa zarakunandalarga qarshi jami 25 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan kimyoviy vositalar zaxirasi yaratildi. G‘allaning o‘sishi va rivojlanishini jadallashtirish maqsadida maydonlarda biostimulyatorlar bilan bargidan oziqlantirish tadbirlari, mahalliy o‘g‘it jamg‘argan holda sharbat usulida sug‘orish ishlari olib borildi.

Shu bilan birga, viloyatimizda g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 295 ta kombayn hozirdan o‘rimga tayyor holga keltirildi.

Samarqand viloyati qishloq xo‘jalik boshqarmasi axborot xizmati.