Dengiz chegarasidagi mojaro: Shimoliy va Janubiy Koreya bir-biriga ogohlantiruvchi o‘t ochdi

 Janubiy Koreya harbiylari bugun Shimoliy Koreya kemasi go‘yoki Sariq dengizda ikki davlat o‘rtasidagi dengiz chegarasini kesib o‘tganidan so‘ng ogohlantiruvchi o‘q uzganini ma’lum qildi, deb xabar berdi “Renxap”.

Janubiy Koreya harbiylari ogohlantiruvchi o‘t ochgan, shundan so‘ng KXDR kemasi shimolga chekingan.

Ayni paytda Pxenyan Janubiy Koreyaning eskort kemasi Shimoliy Koreya bilan dengiz chegarasini tonggi soat 3:50 da buzganini da’vo qilmoqda.

Bosh shtabning ismi oshkor etilmagan vakilining Koreya markaziy axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, Janubiy Koreya kemasi "noaniq kemani nazorat qilish" bahonasida KXDR dengiz harbiy chegara chizig‘iga 2,5-5 kilometr masofada bostirib kirgan va ogohlantiruvchi o‘q uzgan.

Bunga javoban ko‘p o‘tmay KXDR harbiylari raketa tizimidan 10 marta ogohlantiruvchi o‘q uzgan.

“Koreya Xalq Armiyasi Bosh shtabi so‘nggi kunlarda quruqlikdagi frontda nafaqat ovoz kuchaytirgich va snaryadlar yordamida provokatsion harakatlar, balki dengiz bosqinini ham amalga oshirgan dushmanni yana bir bor qattiq ogohlantiradi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, 18 oktyabr kuni KXDR harbiylari Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlari munosabati bilan “qattiq ogohlantirish” sifatida Koreyalararo chegara yaqinidagi dengiz bufer zonalarini artilleriyadan o‘qqa tutgan edi.

 

Janubiy Koreya 17-28 oktyabr kunlari navbatdagi harbiy mashg‘ulotlarni boshlagan.