Diplom uchun pul talab qilgan kollej o‘qituvchisi sudlandi

E.Mo‘minov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zi rahbarlik qilayotgan guruh o‘quvchisi B.Nosirovdan o‘z majburiyati uchun pora so‘raganda ishning bu darajada chigallashishini bilmagan yoki «O‘raga sichqon tushdi guldur-gup», bo‘ladi deya xayol qilgan. Ammo u o‘ylaganday bo‘lmadi, aksincha ko‘pchilik oldida yuzi shuvut bo‘ldi.

Paxtachi tumanidagi kollejlarning birida yuz bergan bu voqea shunday boshlangan: o‘qish davrida darslarga bir qatnashib, bir qatnashmay yurgan B.Nosirovga kollejni bitirishi arafasida guruh rahbari qo‘ng‘iroq qilib, fanlar bo‘yicha imtihonlarini yopib berish evaziga undan 140 ming so‘m so‘raydi. Bu paytda B.Nosirov Samarqand shahrida ishlayotgan edi. U uyidagilarga o‘qituvchisining talabini ma’lum qilib, pulni biror kishidan berib yuborishlarini so‘raydi ...

Imtihonlar tugab, kollejda o‘quvchilarga diplom tarqatila boshlangach, B.Nosirovda diplom olish istagi kuchayib qoladi va guruh rahbariga murojaat qiladi. E.Mo‘minov “Sening diplomingni o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari buzib qo‘ygan, avgust oyida kelsang yangi diplom beramiz”, deb qo‘ya qoladi. Oradan besh oy o‘tib, B.Nosirov guruh rahbariga qo‘ng‘iroq qilib diplomini so‘raydi. E.Mo‘minov B.Nosirovni uyiga chaqirib 600 ming so‘m bersa haydovchilik guvohnomasini, 400 ming so‘m bersa diplomini hal qilib berishini aytadi. B.Nosirov o‘qituvchisiga buncha puli yo‘qligini tushuntiradi. O‘qituvchisi esa 400 ming so‘msiz diplom hal bo‘lmasligini aytadi.

B.Nosirov vaziyatni otasiga ma’lum qiladi. Otasidan “Unday bo‘lsa o‘qishingni yig‘ishtir. Menda diplomingga beradigan ortiqcha pulim yo‘q”, degan qat’iy rad javobini oladi. Shundan so‘ng B.Nosirov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “1007” raqamli “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatdan xabar bergan.

Albatta, aybdor qilmishiga yarasha jazosini oldi. Ammo bunday vaziyatning yuzaga kelishiga sabab nima? Befarqlik. Birinchi navbatda farzandi kollejga bormayapti – ota-ona befarq, qiziqmayapti.  O‘quvchisi darslarga qatnashmayapti – kollej ma’muriyati befarq, qiziqmayapti. Qarabsizki, vaziyatdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qoluvchilar paydo bo‘lyapti. Oqibda jinoyat sodir bo‘lyapti.

A.Akramov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Paxtachi tuman sudi raisi.