“Diqqat, bozorda soliqchilar”: viloyat soliq boshqarmasi ishchi guruhi bozorda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar qonuniyligini o‘rganmoqda
Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasining ishchi guruhi Payariq tumanidagi “So‘zangaron savdo kompleksi” MChJda yegishli qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosini o‘rgangan. Bu haqda boshqarmaning axborot xizmati ma’lum qildi.
Hududdagi savdo shoxobchalari va savdo rastalarida faoliyat yuritayotgan 182 ta tadbirkorlik sub’yektining 170 tasi qat’iy belgilangan soliq va 12 tasi aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi.
Ishchi guruhi tomonidan amalga oshirgan nazorat va tushuntirish tadbirlaridan so‘ng to‘lovlarni amalga oshirilishi hisobiga 44 ta tadbirkorlik sub’yektiga onlayn nazorat-kassa mashinasi o‘rnatilgan. Shuningdek, qisman to‘lovlarni oshirgani bois 35 ta tadbirkorlik sub’yektiga 25-mayga qadar muhlat berilgan.
Savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini qo‘pol ravishda buzib faoliyat ko‘rsatayotgan 4 ta tadbirkorlik sub’yektida sayyor soliq tekshirishlari o‘tkazilib, 20 million so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan savdo qoidalariga to‘liq rioya qilmasdan savdoni amalga oshirishga sabab bo‘layotgan asosiy omil ma’lum qilingan. Ta’kidlanishicha, kompleksning faqatgina 2 kun, ya’ni haftaning seshanba va yakshanba kunlari ishlashi, haftaning qolgan 5 kunida bozor bo‘lmasligi hisobiga tadbirkorlarda savdo hajmi va daromadi onlayn nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminali olishga imkon bermayotganligi aytilgan.