Donbassdagi eskalatsiya: birinchi qurbonlar, o‘qqa tutish va o‘zaro ayblovlar
O‘tgan shanba, 19 yanvar kuni Donbassda Ukraina Ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy Oliy Radaning bir necha deputatlari, shuningdek, jurnalistlar - Amerika CNN telekanali va Fransiya agentligi xodimlari hamrohligida operatsiya zonasiga tashrifi chog‘ida minomyot o‘qi ostida qolishdi. Hech kim zarar ko‘rmadi.
Shanba kuni ham Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) kuzatuvchilari Donbasda bir kunda 1566 marta o‘t ochish rejimi buzilishini qayd etdi. 2020 yil iyulidan beri birinchi shunday ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Ukraina qo‘shma kuchlarining operatsiya shtab-kvartirasi ikki ukrainalik askar halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Vaziyatning keskinlashuvi fonida Rossiya Mudofaa vazirligi strategik to‘xtatuvchi kuchlarning mashg‘ulotlari davomida «Kinjal» va «Sirkon» gipertovushli raketalari, shuningdek, «Yars» qit’alararo ballistik raketasi uchirilganida olingan kadrlarni tarqatdi. Vladimir Putin Aleksandr Lukashenko bilan birga mashqlarni Kremldagi vaziyat markazidan kuzatdi.
Bryussel reaksiyasi
Donbass atrofidagi vaziyatni izohlar ekan, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrel o‘z bayonotida tinch aholi yashovchi nishonlarni o‘qqa tutishda og‘ir qurollardan foydalanishni qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel DXR va LXRning Ukraina hujumi tayyorlanayotgani haqidagi xabarlariga ishonmaydi. Borrel Rossiyani keskinlikni pasaytirishni ta’minlashga chaqirdi.
Zelenskiyning taklifi
So‘nggi Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Vladimir Zelenskiy Ukraina yanada kuchliroq xalqaro qo‘llab-quvvatlashga loyiq ekanini aytdi hamda G‘arbni Rossiya bosqinining har kungi yangi sanalarini e’lon qilmaslikka chaqirdi. Ukraina rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvga tayyorligini ma’lum qildi.
Vladimir Zelenskiy, Ukraina prezidenti:
«Men Rossiya Federatsiyasi Prezidenti nimani xohlayotganini bilmayman, shuning uchun men uchrashishni taklif qilaman».
Qochqinlar
Ayni damda, Donetsk va Luganskda umumiy safarbarlik e’lon qilinganidan keyin Rossiyaning chegaradosh viloyatlari Donbassdan qochqinlarni qabul qila boshladi.
Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Chupriyan jurnalistlarga DXR va LXRdan 61 mingga yaqin qochqin Rossiya Federatsiyasi bilan chegarani kesib o‘tgani haqida ma’lum qildi.
Bugun ertalab Rostov-Don shahrida tan olinmagan respublikalar qochqinlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha favqulodda vaziyatlar komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ukraina hukumati o‘zini o‘zi e’lon qilgan respublikalar aholisini Kiyev nazorati ostidagi hududga kelishga chaqirmoqda.