DTM abituriyentlardan ortiqcha to‘lov undirilishi bo‘yicha izoh berdi
Abituriyentlardan 2019-2020 o‘quv yili qabulida qariyb 900 million so‘m ortiqcha to‘lov undirilgani haqida xabar bergan edik.
Davlat test markazi ushbu holat bo‘yicha izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2019-2020 o‘quv yili qabulida to‘lovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar tomonidan hujjatlarni topshirish jarayonida to‘lovlar amalga oshirilgan. Buning natijasida 896,4 million so‘m ortiqcha to‘lov amalga oshirilgan.
O‘tgan davr mobaynida abituriyentlarning arizasiga asosan ortiqcha to‘langan 156,3 million so‘m mablag‘ egalariga qaytarilgan. 2021 yilning 25 mart holatiga ortiqcha to‘langan mablag‘ miqdori 740,1 million so‘mni tashkil etadi.
Qolgan abituriyentlar to‘lovni qaytarish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilmaganliklari sababli, Davlat test markazida ularning to‘lovlarini qaytarish imkoniyati bo‘lmayapti.
Shunday bo‘lsa-da, ularning ma’lumotlari tahlil qilinib, noto‘g‘ri to‘lov amalga oshirgan 3 170 nafar abituriyentning ma’lumotlari 2020 yil uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar bazasidan aniqlanib, ularning telefon raqamlariga SMS xabarnomalar yuborilgan. Qolgan 4 132 nafar abituriyentning ma’lumotlariga aniqlik kiritib bo‘lmayapti.
Davlat test markazi abituriyentlar tomonidan noto‘g‘ri amalga oshirilgan to‘lovlarning abituriyentlarga to‘liq holda qaytarilishi tarafdori bo‘lib, mazkur abituriyentlar Davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilganda, ularning to‘lovlari qaytarilishini ma’lum qiladi.