«Dum»ga mixlangan «Dinamo»

«Qizilqum» - «Dinamo» o‘yinining ikkinchi bo‘limini ko‘rishga bardoshim yetmadi. Chunki, birinchi bo‘limdayoq turnir jadvalining «dum»iga mahkam o‘rnashib olgan «Dinamo»chilarning navbatdagi mag‘lubiyatni qabul qilib olishi aniq bo‘lib ulgurgan edi.

Bu yil Superligaga qaytib, muxlislarda umid uchqunlarini uyg‘otgan jamoamiz, afsuski, chempionat bahslarining boshlanishi bilanoq oxirgi o‘rinni band etib, bugungacha hech kimga bermay kelmoqda. Xo‘sh, kim aybdor? «Dinamo»ning uquvsiz rahbarlarimi yoki murabbiylarmi? Bu sharmandalik qachongacha davom etadi?

Shu o‘rinda fikr-mulohazalarni aytib o‘tsak. O‘tgan yili «Dinamo»ni Superligaga olib chiqqan Hakim Fuzaylovni ishdan bo‘shatish bilan hozirgi muvaffaqiyatsizliklarga tamal toshi qo‘yildi chamamda. Viloyat futboliga mas’ul kimdir H.Fuzaylovni Superligada «Dinamo» bilan muvaffaqiyat qozonishiga ishonmadi shekilli, xorijdan murabbiy va legionerlar olib kelindi. Albatta, bular o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Natija qanday bo‘lgani hammaga ayon. Avval legioner murabbiy, keyin uning o‘rniga tayinlangan A.Shipilov ham qoniqarsiz natijalar uchun iste’foga chiqarilib, bir mavsumning o‘zida uchinchi murabbiy - Vadim Abramov tayinlandi. Ahvol esa o‘sha-o‘sha, ketma-ket mag‘lubiyatlar. Lekin, bir narsa aniqki, Abramov jamoani Superligada olib qola olmasa, o‘zini oqlashi tayin, ya’ni “Bu tarkibni men tuzganim yo‘q, jamoada meni didimdagi futbolchilar yo‘q» deyishi mumkin. Bundan uch yil oldin ham «Dinamo» Superligada ketma-ket o‘n ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lib, Superliga antirekordini o‘rnatgan edi.

Qo‘shnilarimiz - «Nasaf», «So‘g‘diyona», «Qizilqum» chempionlik uchun kurashayotgan bir paytda «Dinamo»ning turnir jadvalining oxirida bo‘lishi achinarli, albatta. Keyingi 5-10 yilda U.Baqoyev, B.Ashurmatov, D.Fayziyev, V.Karpenko, T.Kopadze singari sobiq futbolchilar murabbiylikda ma’lum bir muvaffaqiyatlarga erishayotgan paytda, nega Samarqanddan birorta murabbiy chiqmadi? Nega jamoa rahbarlari, viloyat futbol assotsiatsiyasidagilar bu haqda bosh qotirmaydi? Axir chetdan kelgan murabbiy salgina qiyinchilikka duch kelsa, qochib ketishi aniqku. Murabbiylikka qiziqishi va harakati bor sobiq futbolchilarga e’tibor berib murabbiylikka o‘qitib, jamoani ishonib topshirsa, natija bo‘ladi-ku?

Savol tug‘iladi, xo‘sh, viloyatdagi futbol maktablari keyingi 4-5 yilda «Dinamo»ga nechta futbolchi yetishtirib berdi? Har yili futbol maktablarini bitirib chiqqanlar taqdiri nima bo‘lyapti? Viloyat futboliga mas’ul tashkilot rahbarlari futbol maktablari holatidan xabardormi? Yosh futbolchilar shug‘ullanishi uchun sharoit bormi? Viloyatda futbolga e’tibor sustligi, «Dinamo»ning ketma-ket sharmandalarcha mag‘lubiyati uchun kimdir javob beradimi? Yoki bu murabbiyni olib keldik, bunisi olib keldik, natija qilolmadi, deb o‘zlarini oqlashadimi?

«Nasaf»ga qarang. Har yili 4-5 futbolchisi legioner bo‘ladi yoki «Paxtakor»ga o‘tadi, ularning o‘rni «Nasaf» akademiyasidagi yosh iqtidorlar bilan to‘ldiriladi. Ularda tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, viloyat futboli rahbarlari fidoyi, haqiqiy mutaxassislar. Ro‘ziqul Berdiyev bor, u qashqadaryolik, «Nasaf» uchun jon kuydiradi. «So‘g‘diyona» yoki «Qizilqum»ni olaylik. Ikki-uch yil oldin ushbu jamoalar ham Superligada jon saqlash uchun kurashardi. Rahbariyatga munosib kadrlar qo‘yildi, mana natija. Bir dono gap bor: hamma narsani malakali kadrlar hal qiladi. Haqiqiy mutaxassis, malakali kadrni joyga qo‘ying, natija o‘z-o‘zidan kelaveradi. Samarqanddan ham yaxshi saviyadagi murabbiylar chiqmas ekan, qo‘nimsizliklar va muvaffaqiyatsizliklar davom etaveradi. Chetdan kelgan murabbiy yoki futbolchilar mablag‘da sal uzilish bo‘lsa, qochib ketishi kunday ravshan.

Futbol millionlar o‘yini. «Dinamo» g‘alaba qozonsa, muxlislar ko‘chasida, uyida bayram. Ishda unumdorlik oshadi, kayfiyat ko‘tariladi. Buni “dinamo”chilar bilishi kerak.

Shukrullo SIROJEV.