Vadim Abramov: "Dinamo" qachon o‘z maydonida o‘ynaydi? Bizda hatto shug‘ullanish uchun maydon yo‘q. Buning ortidan muammolar kelib chiqmoqda"
"Dinamo" O‘zbekiston kubogi bahslarida birorta jamoaga mag‘lub bo‘lmay, musobaqani alamli tarzda tark etdi.
Kecha O‘zbekiston kubogining 3-turida "Dinamo" Jizzaxda "Navbahor"ga qarshi maydonga tushib, ketma-ket uchinchi turda ham durang qayd etdi.
Gollarga Shodiyor Shodiboyev (66) hamda Kojo Joel (82) mualliflik qildi-1:1.
"Andijon" va "Nasaf" uchrashuvining 90+7-daqiqasida andijonliklar gol urib, guruhda "Navbahor"dan keyin ikkinchi o‘rindan joy oldi va amaldagi chempion "Nasaf"ni musobaqadan chiqarib yubordi. Bu esa «Dinamo»ning ham guruhda 3-o‘ringa tushishiga sabab bo‘ldi va jamoa O‘zbekiston kubogidagi yurishini to‘xtatdi.
Uchrashuvdan keyin "Dinamo" jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- G‘alaba uchun astoydil harakat qilgandik, ammo o‘xshamadi, - dedi Abramov. - Himoyada qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydik. "Navbahor"da vaziyatlar deyarli yo‘q edi. Yutqazmasdan turib ham turnirdan chiqib ketish – alamli. Biz ustunlikka ega bo‘lgan o‘yinlarimizda ijobiy natijaga erisholmadik.
- "Dinamo" Kubokda pley-offga chiqmaganiga qaramay, yorqin o‘yinlar ko‘rsatdi. Jamoa qachon o‘z maydonida o‘ynaydi?
- Bu savol menga taalluqli emas. O‘zim ham shuni kutyapman. Bizda hatto shug‘ullanish uchun maydon yo‘q. Buning ortidan muammolar kelib chiqmoqda.
- "Dinamo" o‘zbek futboli gigantiga qarshi munosib o‘yin namoyish qildi. Jamoa kubok doirasidagi aynan qaysi uchrashuvda g‘alabaga ko‘proq loyiq edi?
- Barcha uchrashuvlarda g‘alabaga yaqin edik. Bu – alamli. Chempionatdagi mag‘lubiyatlarda ham xatolar bizga qimmatga tushdi. Andijonda va "Nasaf" bilan o‘yinda ham ustun ko‘ringandik. Bugun ham mana yo‘q joydan gol o‘tkazib yubordik.
Raqib birinchi bo‘limda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, ammo ikkinchi taymda charchab qolishgani sezildi. Vazifamiz keyingi bosqichga chiqish edi, afsuski, buni uddalay olmadik. Endi bor e’tiborimiz Superligaga qaratiladi.