“Dinamo” braziliyalik futbolchi bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi
“Dinamo” Superliganing ikkinchi davrasi oldidan yozgi transfer oynasida o‘z tarkibini kuchaytirishga e’tibor qaratdi va jamoaga yangi futbolchilar jalb qilindi.
Klub braziliyalik Maykon Duglas bilan 2025 yilning oxiriga qadar 1,5 yillik shartnoma imzolaganini e’lon qildi. 23 yoshli tayanch yarimhimoyachi Samarqand jamoasiga erkin agent sifatida qo‘shilgan.
Maykon hozirgacha Braziliyaning «Maguari» klubida faoliyat yuritayotgan edi. Yil boshida Ratino ham “Dinamo” safiga ushbu klubdan kelib qo‘shilgandi. Duglas shuningdek, Braziliyaning «Kaldense», «Vitoriya», «Botafogo» va Yaponiyaning «Osaka FK» klubi sharafini himoya qilgan.
Bundan tashqari, jamoa 5 nafar mahalliy futbolchi Azizbek Ahmedov, Dilyorjon Baxtiyorov, G‘olibjon Odilov, Saidakbar Ne’matov, Diyorbek Sagdullayev bilan shartnoma imzolab, ularni ham liga ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz: Superliganing 14-tur bahslari 2 avgustdan start oladi va “Dinamo” bu turda Namanganning “Navbahor” kulubiga qarshi bahs olib boradi.