Dunyo xalqlarining an’anaviy ekzotik bosh kiyimlari

Turli madaniyatlarga boy dunyomizda har bir xalqning o‘ziga xos urf-odatlari, milliy liboslari bor. Bugun kiyimning o‘ziga xos elementi - bosh kiyimga e’tibor qaratib, hozirda ham kiyiladigan, tashqi kuzatuvchiga ba’zilari juda ekzotik, boshqalari esa g‘alati tuyulishi mumkin bir nechta an’anaviy bosh kiyimlarni to‘pladik.

Chada

Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida monarxiya hukumati ramzini anglatadigan baland va murakkab naqshli chada juda o‘tkir uchli shaklga ega, u oltindan yasalgan yoki oltin bilan qoplangan. Hozirgi kunda uni ko‘pincha Tailand teatrlashtirilgan tomoshalarida ko‘rish mumkin.

Biguden

Bosh kiyimning butun bir hududga nom berganining ajoyib misoli. Fransiya davlatining uzoq g‘arbiy qismi Brittanida liboslari, urf-odatlari bir necha asrlar davomida olimlar va rassomlarning e’tiborini tortib keladigan odamlar yashaydi. Biguden mahalliy aholi -  keltlarning haqiqiy ramziga aylandi. Bir paytlar boshda arang ko‘rinib turgan to‘rsimon matodan tikilgan bu chepchik 1940 yillarga kelib silindrsimon qalpoqqa aylanib, 40 santimetrgacha  yetdi. Fransiyaning Brittanisidagi Biguden yurtida ayol kishining tadbirlarda bunday bosh kiyimda paydo bo‘lishi odatiy hol.

Ti-i-langga

Bambuk, palma barglari va hayvon shoxidan yasalgan an’anaviy Indoneziya shlyapasi. Bu shlyapa shunchalik qadimiyki, mahalliy aholi nega u aynan shunday g‘alati shaklga ega bo‘lishi kerakligini tushuna olmaydi.

Uzun shoxli myao

Xitoy xalqlaridan biri - uzun shoxli Myaoning an’anaviy bosh kiyimi shox, soch va iplardan iborat. Ushbu bosh kiyim bir necha avlod qabila qizlarining tushgan sochlarini hayvon shoxiga o‘rash orqali tayyorlanadi. Og‘irligi 6 kilogrammgacha yetadigan hosil bo‘lgan shakl iplar bilan mustahkamlanadi.

Perak

Himolay ayollarining bosh kiyimi firuza va ko‘k rangli lojuvard minerallar bilan bezatilgan charm tasmadan iborat. Perak oilaviy qadriyat bo‘lib, avloddan-avlodga o‘tadi. Himolayliklar bu bosh kiyim yovuz ruhlardan himoya qilishi mumkinligiga ishonadi.

Vodabe shlyapasi

Nigeriyada yashovchi Vodabe qabilasining rangli charm qo‘shimchalari bo‘lgan an’anaviy shlyapasini faqat yuzini yorqin ranglar bilan bo‘yagan erkaklar kiyadi.

Shtrayml

Juda ko‘p mo‘yna bilan o‘ralgan hasidlarning an’anaviy bosh kiyimi faqat katta tantanali maxsus marosimlarda kiyiladi.

Tagalmust

Tagalmust shamol, qum va yovuz ruhlardan himoya qiluvchi to‘q ko‘k rangli bosh kiyimi. Arab bosqinchilari hukmronligi ostida yashashni istamagan va Sahroi kabirga chiqib ketgan Shimoliy Afrikaning berber aholisining bir qismi  - tuareglar orasida keng tarqalgan. Uni  hatto ovqatlanayotganda ham, uxlayotganda ham yechmasdan kiyishadi.

Rouch

Hindular to‘g‘risidagi filmlar orqali bizga yaxshi tanish patlardan iborat bosh kiyim Amerikaning tub aholisi bilan qattiq bog‘langan. Rouchning asosiy maqsadi egasini himoya qilishdir, go‘zallik va ranglar uyg‘unlashuvi esa ikkinchi darajada. Shunday bo‘lsa-da, ushbu nostandart an’anaviy bosh kiyimni bugungi ro‘yxatga qo‘shmaslik g‘alati bo‘lgan bo‘lar edi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.