Dunyodagi eng bayrami ko‘p davlatlar

Dunyo mamlakatlaridagi rasmiy bayramlar sonini taqqoslab chiqib, yetakchilarni aniqlaymiz. Ro‘yxatimizdan bayram qilishni yaxshi ko‘radigan va qanday qilib dam olishni biladigan mamlakatlar joy olgan.

Nepal (yil davomida 31 kun)

Nepal bayramlari haqida gapirganda, birinchi navbatda shuni aytish kerakki, bu yerdagi taqvimning boshlanishi sifatida miloddan avvalgi 57 yil olingan bo‘lib, u boshqa kalendarlardan 56 yilu 8 oy oldinda yuradi. Shuningdek, Nepalda kalendar oyi 28 dan 32 kungacha davom etishi mumkin. Yil davomida ba’zilari bir necha kun davom etadigan 50 dan ortiq bayramlar mavjud. Bayramlarning eng asosiysi Dashayn – hindlarning diniy bayrami bo‘lib, yovuzlik ustidan qozonilgan g‘alaba ramzi sifatida sentyabr-oktyabr oylarida sholi yig‘ib olingandan keyin ishonlanadi. Dam olish kuni bilan boshlangan birgina festival 15 kungacha davom etadi.

Hindiston (yil davomida 30 kun)

Hindistonda uchta – Mustaqillik kuni, Respublika kuni va Gandi tavallud topgan kun kabi milliy bayramlar bor. Ko‘p madaniyatli mamlakatning turli shtatlarida, shuningdek, 51 ta dunyoviy, hindlar, islomiy, sikgxlar, nasroniylar, buddachilar, zardushtiylar va boshqa bayramlar nishonlanadi.

 Eron (yil davomida 26 kun)

Eronda ham bayramlar ko‘p, eng ko‘p vaqt (ketma-ket 5 kun) nishonlanadigani Navro‘z bayramidir. Navro‘z kelishidan oldin uylar tozalanadi, saxovatli taomlar tayyorlab ulashish va iloji boricha ko‘proq qarindoshlar va do‘stlar holidan xabar olish odat tusiga kirgan.

Shri-Lanka (yil davomida 25 kun)

Ko‘p millatli va ko‘p madaniyatli Shri Lanka orolida deyarli har oy  o‘rtacha 2-3 ta turli xil rasmiy bayramlar o‘tkaziladi, bu albatta aholiga qo‘shimcha dam olish kunlarini beradi. An’anaviy ravishda har to‘lin oy nishonlanadigan Poya bayramida ham dam olinadi, bu kunlarda go‘shtli ovqat va spirtli ichimliklar iste’moli taqiqlangan. Shuningdek, mamlakatning turli burchaklarida har yili fillar, raqqosalar va musiqachilarning yorqin va rang-barang yurishlari bilan birga o‘ndan ortiq diniy bayramlar o‘tkaziladi.

Malayziya (yil davomida 22-25 kun)

Davlat bayramlariga qirolning tug‘ilgan kuni, 1 may va boshqalar kiradi. Shuningdek, mamlakatni tashkil etuvchi turli etnik va diniy guruhlarning (Xitoy Yangi yili, Payg‘ambar Muhammad (s.a.v) tug‘ilgan kuni, Rojdestvo) an’anaviy bayramlari ham nishonlanadi. Malayziyada ham federal, ham mintaqaviy bayramlar mavjud. Har bir shtat gubernatorining tug‘ilgan kunida ham fuqarolarga dam olish kuni beriladi.

Lixtenshteyn (yil davomida 20 kun)

Lixtenshteyndagi bayramlarning aksariyati nasroniylik bilan bog‘liq, lekin Yangi yil, 1 may,  Millat kuni kabi dunyoviy bayramlar tantanali nishonlanib, dam olish kuni hisoblanadi.

Ozarbayjon (yil davomida 20 kun)

Qardosh Ozarbayjonda Ramazon va Qurbon hayiti bayramlarining har biri 2 kun nishonlanadi. Yangi yil, Xotin-qizlar kuni, Navro‘z bayrami, Fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba, Mustaqillik, Ozarbayjon xalqining milliy najot kuni kabi bir qator bayram kunlari ishlanmaydigan kunlar hisoblanadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.