Dunyodagi eng qimmat kompaniyalar

Butun dunyo bo‘ylab taniqli kompaniyalarning ba’zilari oziq-ovqat, kiyim-kechak, boshqalari avtomobil sanoati va boshqa ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan. Uzoq yillar davomida dunyo bozorida o‘z nomiga ega bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan kompaniyalar turli qiyinchiliklar va to‘siqlardan munosib o‘tib, xaridorlar ishonchini qozonishi oson kechmadi. Ular orasida bugungi kunda ham samarali ishlab, foydalanuvchilarga sifatli mahsulotlarni taklif qiladigan, o‘z mahsulotlarini takomillashtirish ustida tinimsiz ishlayotgan eng qimmat, yirik  kompaniyalar o‘ntaligini ajratib ko‘rsatish mumkin.

McDonald’s

Butun dunyoda tez ovqatlanish restoranlari bilan mashhur MakDonalds kompaniyasiga 1940 yilda asos solingan. Bugungi kunda kompaniyaning menyu mahsulotlarini bilmaydigan odamni uchratish qiyin. Shu sababli, MakDonalds eng qimmat kompaniyalar o‘ntaligiga kirganligi ajablanarli emas. Hozirda kompaniyada 2 millionga yaqin ishchi ishlaydi.

Toyota

Yaponiyaning sifatli avtomobillar ishlab chiqaruvchi Toyota kompaniyasi 1924 yildan beri ishlab kelmoqda. Sakichi Tayeda tomonidan ro‘yxatga olingan savdo belgisi dastlab to‘quv dastgohlarini ishlab chiqargan. Aynan uning o‘g‘li avtomobillar ishlab chiqarish g‘oyasini ilgari surdi va bu taklif butun dunyo avtomobil bozorini o‘zgartirib yubordi. To‘qimachilik dastgohi uchun patentni sotgach, ular avtomobil ishlab chiqarish bo‘linmasiga sarmoya kiritdilar. Brendga bo‘lgan talabning o‘ta yuqoriligi tufayli Toyota avtomobillari savdosi rekord darajada. Kompaniya avtomobilsozlik sohasida yangidan yangitexnologiyalarni joriy etish orqali o‘z rivojlanishini davom ettirmoqda.

Disney

Disney kompaniyasi 1923 yilda tashkil etilgan. Bolalar bugungi kunda ham Disney tomonidan ishlab chiqarilgan multfilmlar va animatsion seriallardan zavqlanib keladi. Kichkina studiyada ish boshlagan kompaniya dunyoga mashhur yirik korporatsiyaga aylandi, uning faoliyati nafaqat multfilmlar ishlab chiqarish, balki ko‘plab attraksionlar, akvaparklar va yirik teleradioeshittirish tarmog‘ini ham o‘z ichiga oladi.

Samsung

Janubiy Koreyaning maishiy texnika va elektronika ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi ish faoliyati 1938 yilga borib taqaladi. Kompaniyaning rivojlanish tarixida Sanyo kompaniyasi bilan birlashishi kabi ko‘plab muhim voqealar bo‘lgan. Bugungi kunda Samsung mahsulotlarini deyarli har bir xonadonda topish mumkin. Mijozlarga e’tibor qaratish, sifat va zamonaviylik tamoyillariga rioya qilish kompaniyani muvaffaqiyat sari yetakladi.

Coca-Cola

O‘z ishini 1882 yilda boshlagan Koka-Kola kompaniyasi haqli ravishda eng qadimgi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Qizig‘i, dastlab Koka-Kola dorixonalarda dori sifatida sotilgan. Bugungi kunda u alkogolsiz, gazlangan va gazsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Facebook

Butun dunyoga mashhur Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i istiqbolli va iqtidorli Mark Sukerbergning mahsulotidir. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni ikki milliardga yaqin. Kompaniyaning asosiy foyda keltiradigan yo‘nalishi reklama. Shu bilan birga, kompaniya rivojlanishda va yangi mahsulotlar yaratishda davom etmoqda.

Amazon

Turli toifadagi tovarlarni iste’molchiga sotish va yetkazib berishga ixtisoslashgan eng yirik chakana sotuvchisi Amazonni nisbatan yosh kompaniya deb hisoblash mumkin. Jeff Bezos 1994 yilda yaratgan kompaniyaning mashhurligi yildan-yilga ortib bormoqda. Kompaniyada ikki yuz o‘ttiz mingga yaqin xodim ishlaydi. Amazon, shuningdek, elektronika, dasturiy ta’minotni ishlab chiqadi va mijozlarga kompyuter quvvatini ijaraga berish bo‘yicha strimming xizmatlarini taklif qiladi.

Microsoft

Maykrosoftning yaratilish tarixi boshqalardan ajralib turadi. O‘z sayohatini oddiy garajda boshlagan Bill Geyts endi yillar o‘tib, yirik texnologik kompaniya egasi, dunyodagi eng boy odamlarning biridir. Aynan Bill Geyts birinchi bo‘lib foydalanuvchilarga bugungi kunda ham ommabop Windows kompyuterlari uchun dasturiy ta’minotni taklif qildi.

Google

Bu tizim 1993 yildan buyon har kuni juda ko‘p sonli qidiruv so‘rovlarini qayta ishlash imkonini beradi. Bundan tashqari, qidiruv tarmog‘i reklamalarni sozlash orqali yaxshi daromad keltiradi. Bu kompaniyaning yagona muvaffaqiyatli mahsuloti emas. Masalan, Yutub, Gmail, Gugl xaritalar va boshqa onlayn-servis xizmatlardan millionlab kishi foydalanadi. Android operatsion tizimi ham Gugl kompaniyasiga tegishli.

Apple

1976 yilda asos solingan Eppl bugungi kunda yuqori va zamonaviy raqamli mahsulotlarni taklif qilishda davom etmoqda. Yangi smartfonlarni birinchi bo‘lib sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan odamlarning katta navbatlarda turishi ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lmasa kerak. Brend iste’molchilari kompaniyaning mobil qurilmalari, jumladan, smartfonlar, planshetlar, pleyerlar va kompyuterlarni juda qadrlashadi.

Bugungi kunda yuz mingdan ortiq xodimdan iborat kompaniya turli mamlakatlarda minglab vakolatxonalar va do‘konlarni ochgan. Kompaniya muvaffaqiyatini esa so‘nggi texnologiyalar va jozibali dizayn uyg‘un ravishda birlashtirilgan mahsulotlar bilan tushuntirish mumkin.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.