Dunyoning eng qimmat xazinalari
Dunyodagi eng qimmat xazinalar ko‘pincha kutilmagan joylardan topiladi va har bir topilma arxeolog va kolleksionerlar uchun o‘ziga xos boylikka aylanadi. Havaskor xazina qidiruvchilar ham gohida katta boylikka duch kelishadi. Bugungi hikoyamiz yer yuzidan topilgan eng qimmat xazinalar haqida. Ammo bu hammasi emas, yer ostida, suv tubida o‘z kashfiyotchisini kutib yotgan noyob xazinalar hali mo‘lgina.
Fir’avnning oltin tobuti
Qimmatbaho topilmalar va xazinalar qo‘lga kiritilgan eng mashhur yer bu albatta Misr. Fir’avnlarning sehrli mamlakati insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgani bilan birga haqiqiy xazinalar makoni ham hisoblanadi. Bu yerdan topilgan xazinalardan eng yirigi – Tutanxamon dafn etilgan hashamatli dahma. 1922 yilda arxeolog Govard Karter Shohlar vodiysidan g‘aroyib bir sag‘anani topadi. Bir necha bor talon-taroj qilinganiga qaramasdan sag‘ana qimmatbaho buyumlarga to‘la edi. Dahmada ko‘plab maishiy buyumlar, taqinchoqlar, fir’avnni so‘nggi manzilga kuzatishda qo‘llanilgan artefaktlar, jami 3 yarim mingga yaqin buyum topilgan. Ichma-ich joylangan uchta sarkofag ichida fir’avnning mo‘miyolangan jasadi bor edi. Tilla buyumlarning umumiy og‘irligi 110 kilogramm, fir’avnning yuzidagi niqobning o‘zi 10 kilogramm oltindan yasalgan edi. Dahmadan topilgan boylikning bahosi o‘sha davr pulida 40 million AQSh dollari deb baholangan.
Billur bosh chanoqlari
Meksikadagi qadimiy Monte-Alban qishlog‘ida arxeologlar juda yaxshi saqlangan xazinani topishdi. Qadimgi sivilizatsiyaga oid bu xazina Meksika hindulari – sapoteklarga tegishli bo‘lgan. Topilgan qabrlarni o‘rganayotgan arxeologlar u yerda ma’bud Shipe Totekning tilladan yasalgan niqobi, oltin, kumush va qahrabo, feruza, marjon, nefrit, marvarid kabi qimmatbaho toshlardan ishlangan minglab zargarlik buyumlariga duch kelishdi. Topilgan oltinning vazni 100 kilogrammga yaqin. Bu yerda eng hayratlanarli topilma tog‘ billuridan yasalgan inson bosh suyaklari edi. Xazinani olib chiqish uchun bir hafta vaqt kerak bo‘ldi. Noyob topilmalar Oaxakadagi hududiy muzeyda saqlanmoqda.
Troya oltinlari
Yana bir bebaho xazina. Xazinani 1873 yilda nemis savdogari va tadqiqotchi Genrix Shliman topgan. Oddiy savdogar bo‘lib ish boshlagan bu inson dala arxeologiyasi asoschisi va Troya tadqiqotchisi bo‘lib tarixda qoldi. U Troya shohlarining xazinasini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bu idishlar, munchoqlar, tojlar, sirg‘alar, bilakuzuk va boshqa tilla, kumush va qimmatbaho toshlardan ishlangan 8833 ta buyumdan iborat bebaho xazina edi. Shliman xazinani tortib olishlaridan qo‘rqib, uni yashirincha Afinadan olib chiqib ketadi. Uzoq vaqt Germaniyada saqlangan xazina Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sovet askarlariga topshiriladi. Shunday qilib, u Rossiyaga kelib qoladi va uzoq vaqt sir tutiladi. 1992 yildagina hukumat Troya xazinasi Moskvada saqlanayotganini e’lon qiladi.
Tilla toj
1985 yilda Polshaning janubi-g‘arbida joylashgan Sroda shaharchasidagi eski uyni ta’mirlayotgan ishchi taxminan 3 mingga yaqin kumush tanga ko‘milgan handaqni topib oladi. Keyinchalik, oradan uch yil o‘tib yana kumush va tilla tangalar topila boshlaydi. Bu topilmalar ma’lum vaqtgacha yashirib kelingan, katta qismi sotib yuborilgan. Ishga arxeologlar jalb qilingach, eski binolar yerto‘lasidan ekskavator yordamida anchagina qadimiy buyumlarni kovlab olishgan. Topilgan xazinaning katta qismi oltin va kumush tangalar, tilladan yasalgan kelinlar toji, to‘g‘nog‘ich, marjon kabi zargarlik buyumlarni ham bo‘lgan. Aynan shu tilla toj tarixchilarga topilmalarning Lyuksemburg Qirollik uyi imperator-qiroli Karl 4-chiga tegishli ekanligini aniqlashda yordam bergan. Bu 20-chi asrning eng noyob topilmalaridan biri 150 million dollarga baholandi.
Suv tubidagi oltinlar
2007 yilda amerika kompaniyalaridan biri Nuestra Senora de las Mersedes ispan kemasining halokat joyini topadi. Oltin ortilgan kema 1804 yilda Portugaliya qirg‘oqlari yaqinida qimmatli yuki bilan cho‘kib ketgan. Kemani suv tubidan olib chiqib, undagi xazinani baholashganda, bu 500 million AQSh dollariga teng edi. 2012 yilda sud qaroriga ko‘ra xazina Ispaniya hukumatiga topshirildi. Kemani topgan amerikaliklar esa bir sent ham ololmadi.
Baqtriya xazinasi
1978 yilda sovet-afg‘on ekspeditsiyasi Afg‘onistondagi Tillatepa yodgorligida kushon shohlarining qabrlarini o‘rganishadi. Qazilma ishlari omadli yakunlanadi. Arxeologlar Qadimgi Baqtriya xazinasini topishgan edi. Eramizgacha bo‘lgan 1-chi asrga oid tilla buyumlar – zargarlik buyumlari, qurol-yarog‘lar, haykalchalar, bezak buyumlari, oltin kamar, shohlar toji, ularning hammasi sof oltindan yasalgan edi. Topilmaning tarixiy qiymati bebaho, moliyaviy tomondan esa xazinani 100 million AQSh dollariga baholashdi. Bu eng yirik va qimmatli xazinalardan biri hisoblanadi.
Kolumbiya xazinasi
Bundan 300 yil oldin Kolumbiya qirg‘oqlarida ispanlarning Filipp Beshinchi galeoni suv tubiga g‘arq bo‘ladi. Kema bortida umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan tilla va kumush quymalar, qimmatbaho buyumlar bo‘lgan. Xazina haqida 2015 yilda e’lon qilishdi. Kema Ispaniyaga tegishli bo‘lishiga qaramasdan, barcha topilmalar Kolumbiyada qoladigan bo‘ldi.
Ummon yashirgan olmoslar
Amerika kompaniyalaridan biri Atlantika okeani tubidan olmos, oltin va platinadan iborat 3 milliard dollarlik xazinani qo‘lga kiritdi. Xazinani uzoq vaqt qattiq sir tutishadi. Biroq 2009 yilda bu topilma haqida butun dunyo xabar topdi. Shundan so‘ng xazinaga ikkita davlat – Buyuk Britaniya va Rossiya da’vogar bo‘lib chiqdi.
Robinzon Kruzo oroli
Tinch okeanining janubi-sharqiy qismida, Chili g‘arbida joylashgan Robinzon Kruzo oroli 1966 yilgacha Mas-a-Terra deb atalgan. Aynan shu orolda mashhur Robinzon Kruzoning prototipi – shotlandiyalik dengizchi Aleksandr Selkirk qolib ketgan. Bu gal xazina izlovchilar sababli orol yana e’tibor markaziga tushdi. Afsonalarda ispan dengizchisi Xuan Echeverriya o‘z o‘ljasini shu orolda yashirgani aytilardi. Yuzlab yillar mobaynida hech kim bu xazinani topishga muvaffaq bo‘lmagan edi. Ammo chililik xazina izlovchilar va kichikkina robot afsonani haqiqatga aylantirishdi. «Arturito» nomli robot elektron datchiklari yordamida yerostini 50 metr chuqurlikda skaner qiladi. Natijada 15 metr chuqurlikda tilla tangalar, qimmatbaho zargarlik buyumlari va inklarning tilla haykalchalari solingan 600 ta bochka topiladi. Xazina topilgan vaqtdayoq 10 milliard dollarga baholangan edi.
Maxaroja oltinlari
Ushbu xazina yaqin tarixda, 2011 yilning iyulida Hindistonning Trivandram shahridan, Padmanabxasvami ibodatxonasida topilgan va insoniyat tarixidagi eng qimmatbaho xazinalardan hisoblanadi. Xazinaning taxminiy qiymati 22 milliard AQSh dollariga baholangan. Bu ko‘pgina Yevropa davlatlarining yillik byudjetidan ham oshib ketadi.
18-chi asr boshlarida Trivandram Travankor knyazligining poytaxti bo‘lgan. Varma sulolasidan bo‘lgan maxarojalar boshqargan knyazlikda shunday an’ana bor edi – maxarojaning merosxo‘ri balog‘at yoshiga yetganda ibodatxona xizmatchilari uning vaznini o‘lchashar va knyazlik oilasi vakillari shahzoda qancha tosh bossa, ibodatxonaga shuncha oltin hadya qilishlari kerak bo‘lgan. Tarixiy arxivlarga ko‘ra, boyliklar ibodatxona yerto‘lasidagi oltita yirik xonalarda saqlangan. Ulardan ikkitasida braxmanlar urf-odatlari vaqtida foydalaniladigan taqinchoqlar saqlangan, qolgan xonalarda esa qimmatli xazina yashirilgan. Shu vaqtgacha ibodatxona xazinasiga hech kim tegishga, hatto qiziqib ko‘rishga ham jur’at qilmagan. 2011 yilda esa hind advokati Sundararajan ibodatxonadagi buyumlarni hisobdan o‘tkazish bo‘yicha sudga shikoyat kiritgan.
Haqiqatan ham ibodatxona yerto‘lasida oltita xona bor edi. Ularda brilliantlar, yoqut, zumrad toshlari to‘ldirilgan xaltachalar, uyum-uyum tilla uzuklar, bilakuzuklar, marjonlar, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan 10 kilogramlik tilla zanjirlar topildi. Olimlarni lol qoldirgani, Padmanabxi ma’budining sof oltindan yasalgan deyarli odam bo‘yi haykali bo‘ldi. U yerdan qimmatbaho toshlar bilan bezalgan oltin taxt, tilla tangalar to‘ldirilgan o‘nlab sandiqlar ham topildi. Ularning umumiy og‘irligi 1 tonnaga yaqin edi. Qizig‘i shundaki, yerto‘ladagi eng katta, eshigiga ilonlar tasviri tushirilgan xona yopiqligicha qoldi.
Muxlisa Rustamova tayyorladi.